Tailanddan O‘zbekistonga 7,5 kg narkotik olib kirgan shaxs ushlandi

3-sahifa

image

Tailanddan O‘zbekistonga 7,5 kg kilogrammdan ortiq narkotik moddalarni olib kirish va tarqatishga urinish aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 5 sentyabr kuni Bojxona qo‘mitasining “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari hamda “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari DXX bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.

Tailanddan uchib kelgan 51 yoshli O‘zbekiston fuqarosining yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Tekshiruv vaqtida uning bagajidagi uchta vino shishasi va qadoqlangan ziravorlar o‘rami xodimlarda shubha uyg‘otgan.

Mazkur moddalar Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkazilgan. Natijada shishalardagi to‘q jigarrang, o‘tkir hidli modda tarkibida tetragidrokannabinol mavjudligi aniqlanib, uning O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan narkotik vosita – “gashish moyi” ekani ma’lum bo‘lgan. Uning umumiy og‘irligi 7 kilogramm 580 grammni tashkil qilgan.

Tezkor surishtiruvlar davomida fuqaro Telegram’dagi “Absolyut” nomi ostida faoliyat yurituvchi “kurator” ko‘rsatmasiga binoan 1800 AQSH dollari evaziga narkotik moddalarni O‘zbekistonga olib kirib, Samarqandga yetkazib berishi kerak bo‘lgani aniqlangan.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir Samarqand shahrida davom ettirilgan. Narkotik moddalarni qabul qilib olishi kerak bo‘lgan 47 yoshli fuqaro ham qo‘lga olingan. Uning yashash manzili xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, vino shishalari, idish yuvish geli qutisi va shpritslarga joylangan “gashish moyi” aniqlangan. Shuningdek, iste’mol qilinganda sarxushlik holatini keltirib chiqaruvchi quritilgan qo‘ziqorinlar ham topilgan. Aniqlangan narkotik moddalarning umumiy og‘irligi qariyb 5,5 kilogrammni tashkil qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 47 yoshli fuqaro Telegram’dagi “Right Ktrel” akkaunti orqali topshiriq beruvchi “kurator” ko‘rsatmasiga binoan narkotik moddalarni manzilga yetkazishi va keyinchalik tarqatishi kerak bo‘lgan.

Shu tariqa, ko‘p bosqichli tezkor tadbir natijasida jami 13 kilogramm 80 gramm “gashish moyi”ning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu miqdordagi narkotik vosita qariyb 200 ming kishini giyohvandlikka jalb etish uchun yetarli bo‘lgan. Narkotik moddalarning qora bozordagi qiymati esa yakuniy iste’molchiga yetib borguniga qadar 1,7 million AQSH dollaridan oshishi mumkin edi.

Bildirilishicha, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida qiymati 1,2 milliard so‘mdan ortiq zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tish holati aniqlangani haqda xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing