O‘zbekistonda YAIM hajmini 2 barobar oshirish uchun bor imkoniyat ishga solinadi

Jamiyat

image

Yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solish kerak. Bu fikrlarni bugun, 8 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev referendum yakunlariga bag‘ishlangan chiqishida aytib o‘tdi.

“Odamlarimizning o‘sib borayotgan talablarini qondirish uchun hozirgidan ko‘ra ikki karra ko‘p ishlarni bajarishimiz kerak”, deydi Mirziyoyev.

Mamlakatda kambag‘allik borligi tan olinib, alohida dasturlar asosida uni qisqartirish bo‘yicha katta ish olib borilmoqda.

Shu maqsadda aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish borasida “uchta daftar”, ijtimoiy reyestr tizimi yo‘lga qo‘yilib, salmoqli natijalarga erishildi. 

“Asosiysi, fuqarolar islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlamoqda. Lekin hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Bu borada odamlarimiz yangilangan Konstitutsiyadan, biz joriy etayotgan yangi tizimdan ko‘p narsalarni kutmoqda. Aholimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish uchun, eng avvalo iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zarur”, deydi Mirziyoyev.

Yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solish kerakligi alohida ta’kidlandi. Bu – aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 4 ming dollarga yetadi, degani. 

“Biz bundan buyon ham xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, soliq ma’murchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish borasidagi ishlar jadal davom ettiriladi”, deya qo‘shimcha qildi Prezident.

Hukumatga 1 avgustga qadar davlat o‘ziga olgan har bir yangi majburiyat bo‘yicha ularning mablag‘lari, ijro mexanizmlari, bu masalada mas’ul vazirlik va hokimliklar aniq ko‘rsatilgan alohida dastur ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

YaIM referendum referendum yakunlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing