O‘zbekistonda vazirlik rahbariyati oila a’zolaridan 20 kishi Xitoy vaksinasi bilan emlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning uchinchi sinov bosqichi boshlandi. Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyati oila a’zolaridan 20 kishi Xitoydan olib kelingan rekombinant vaksina bilan birinchi dozada emlandi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, bugun, 10 dekabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida O‘zbekistonda yangi koronavirus rekombinant vaksinasi (CHO hujayra) xalqaro klinik sinovlarining III fazasi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi. Marosimda Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan, “Chongqing Zhifei Biological” kompaniyasining raisi va bosh direktori Szyan Renshen, Xitoy Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti ilmiy xodimlari qatnashdilar.

Innovatsion rivojlanish hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan Xitoyning Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutining ishlanmasi asosida Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd kompaniyasi  ishlab chiqqan koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi bosqich klinik sinovlarini o‘tkazish ishlari boshlandi.

Xitoydagi O‘zbekiston elchixonasi yordamida O‘zbekistonga Zhifei kompaniyasi tomonidan 6000 dona sinov vaksinasi (50% haqiqiy vaksina, 50 % platsebo), 12 ming dona PZR testlar, 8 ming dona antitanalarni aniqlovchi testlar xamda barcha ishlatiladigan yordamchi materiallar (shprits, niqob, ko‘zoynak, krioprobirkalar, homiladorlik testlari) olib kelindi.

Klinik sinovlarni o‘tkazish uchun jami 5 ming nafar ko‘ngillilar tanlab olindi. Jarayonning etik jihatlarini e’tiborga olgan holda ko‘ngillilarning shaxsi oshkor qilinmasligiga kelishildi.

O‘z navbatida, Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasining 8 nafar mutaxassislari Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi  Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligidagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari bilan birgalikda sinov o‘tkaziladigan poliklinikalari vrach va hamshiralari uchun vaksinatsiya tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha treninglar o‘tkazdilar.

Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasining O‘zbekistonda III faza sinovlaridan o‘tayotgan vaksinasi. Ushbu vaksina I va II faza klinik sinovlarda nisbatan yuqori xavfsizlik profiliga egaligini namoyon etgan.

Qayd etilishicha, mazkur kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan va hozirda klinik sinovdan o‘tishi boshlanadigan vaksina koronavirus yuza antigenining genetik-muhandislik oqsili bo‘lib, u adenovirus hamda inaktivlashgan vaksina turlari bilan taqqoslanganda yuqori darajada xavfsiz hisoblanadi. Ya’ni rekombinant oqsil ko‘rinishidagi vaksina virusning bir bo‘lagini yuqori texnologiyalar asosida sun’iy ko‘paytirib olishga asoslangan.  Genetik-muhandislik oqsili zararlangan organizmda aynan unga qarshi antitanachalar ishlab chiqaradi.


Maqola muallifi

Teglar

Vaktsina

Baholaganlar

59

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing