O‘zbek-Xitoy vaksinasi bilan emlangan jurnalist yana koronavirusga chalindi
Jamiyat
−
14 iyul 2021
14344O‘zbekistonda koronavirusga qarshi o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan emlanganlarda yana koronavirus aniqlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda jurnalist va yozuvchi Rustam Jabborov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar qoldirgan.
Ma’lum qilinishicha, Jabborov joriy yilning yanvar oyida o‘zbek-xitoy vaksinasi – ZF-UZ-VAC2001 bilan sinov tariqasida emlangan. Oradan olti oy o‘tib, unda yana koronavirus aniqlangan.
“Yanvar oyida O‘zbikiston-Xitoy vaksinasi bilan sinov tariqasida emlanganim haqida xabar qoldirgandim. Vaksinaning uchala bosqichini ham oldim. Shu paytgacha vaksinaning biror nojo‘ya ta’sirini sezmadim. Biroq kuni kecha test topshirsam, menda virus borligi aniqlandi”, deb yozadi u o‘zining Facebook’dagi sahifasida.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqda va internet ommaviy axborot vositalarida dunyoning ko‘plab burchaklarida emlanish uchun murojaat qilganlarga vaksina o‘rniga suv va boshqa moddalar yuborilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Jurnalist Rustam Jabborov ham so‘zida davom etarkan, emlash jarayonidagi shunday holatlarga ishora bergan:
“Aytish kerakki, sinov uchun emlanganlarning hammasiga ham haqiqiy vaksina qilinmaydi. Ularning bir qismiga platsebo, ya’ni odamga foydasi ham, ziyoni ham tegmaydigan soxta preparat yuboriladi. U bilan emlanganlar vaksina olganman, deb xotirjam yuraveradi. Maqsad – ana shu xotirjamlikning odam immunitetiga ta’sirini o‘rganish. (Har qalay tushunganim shu) Qolaversa, hech qaysi vaksina virusdan yuz foiz himoya qilolmaydi. Kim bilsin, menga ham platsebo qilishgandir. Yoki vaksina himoya qilolmagan kamchilik safidadirman. Xullas, menda baribir COVID chiqdi”.
Rustam Jabborov fikrlari yakunida vaksinani inkor qilmasligini alohida urg‘ulab, so‘nggi vaqtlarda xotirjamlikka berilib qolgani, oxirgi bir oyda niqob taqmaganini tan olgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 13 iyul holatiga ko‘ra, jami qo‘llanilgan vaksinalar soni 5,1 million dozani tashkil etmoqda. Shu kungacha to‘liq emlanganlar esa 938 ming 529 nafarga yetdi.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda uch turdagi – AstraZeneca (CovieShield), “Sputnik V” hamda o‘zbek-xitoy vaksinalaridan foydalanilmoqda.
LiveBarchasi