Vaksinalar bepushtlikka olib keladimi? Nurmat Otabekov javob berdi
Intervyu
−
15 iyul 2021
15873O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi boshlanganiga mana 3,5 oy to‘ldi. Mamlakatda aholi uch turdagi – AstraZeneca (CovieShield), “Sputnik V” hamda o‘zbek-xitoy vaksinalari bilan emlanmoqda. Ammo odamlarda COVID-19 ga qarshi preparatlarga ishonch kamroq. Bunga vaksinatsiyadan keyin inson organizmida jiddiy asoratlar bo‘lishi haqidagi gap-so‘zlar ham ta’sir qilmoqda. Shunday mish-mishlardan biri vaksina inson pushtiga zarar yetkazishi haqida.
QALAMPIR.UZ koronavirusga qarshi qo‘llanilayotgan vaksinalar bepushtlikkka olib keladimi, degan savol bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekovga yuzlandi.
“Birinchidan, insoniyatning irsiyatini shakllantiruvchi genlar, butunlay boshqa. Viruslar bizning immunitetimizdagi genlarimizga mutlaqo teskari narsa. Vaksinaning irsiyat va xotiraga ta’sir qilishi haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Vaksinalar tufayli tromblar hosil bo‘lishi, trombo emboliya tufayli odamlar o‘layotgani, qon quyilishi, infarkt, insult kasalliklarini keltirib chiqarishi haqidagi gaplar urchidi. JSST statistikasiga ko‘ra, tromb bilan bog‘liq patologik kasalliklar bilan 3 million 700 000 dan ziyod odam hayotdan ko‘z yumadi. Tasodif ehtimoli bor-ku, axir. Yuqoridagi ko‘rsatkich juda katta miqdor. Shunday ekan, vaksinalarning kasallik qo‘zg‘atuvchi hususiyati yo‘q”, deydi Otabekov.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, aslida tromb xastaligiga chalingan bemor emlash kursini olgan bo‘lishi mumkin.
Nurmat Otabekovga ko‘ra, inson organizmi begona oqsillarga nisbatan kuchli allergiyasi borligini bilmaydigan bo‘lsa, vaksina nojo‘ya ta’sir qilishi, agar saqlashda xatolarga yo‘l qo‘yilsa, hatto, o‘limga olib kelish ehtimoli ham yo‘q emas.
“Begona oqsillar tanaga qabul qilinganda, ikki xil holat bo‘lishi mumkin. Asorat va nojo‘ya ta’sir. Holsizlanish, vaksina qilingan joyning og‘rishi, asabiylashish kuzatilishi mumkin. Shuning uchun ham emlangan shaxslar 30 daqiqa davomida emlash punktining o‘zida, 3 kun esa uy sharoitida kuzatuvda bo‘lmoqda. Ulardan hol-ahvol so‘ralmoqda. Qo‘rquv bilan bog‘liq holatlar ham bor. Hushdan ketish, qon bosimining ko‘tarilishi, asabiylashish, hayajonlanish kabilar kuzatilishi aniq. Chunki biz ongli ravishda emlashga boryapmiz. Ishongan taqdirimizda ham qandaydir qo‘rquv bo‘ladi. Vaksinadan keyin anoflaktik shok bo‘lishi mumkin. Qachonki, tirik viruslar orqali vaksina yaratilsa va haroratni saqlashda xatoga yo‘l qo‘yilsa, ampulaning ichida ular ifloslantirib qo‘yilsa, o‘limga qadar olib kelishi hech gap emas”.
Nurmat Otabekov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatning to‘liq video talqinini yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi