O‘zbekistonda o‘rtacha oylik maosh qanchaligi aytildi
Jamiyat
−
26 yanvar 11606 3 daqiqa
2025 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik maosh 6 mln 376 ming so‘mni tashkil qilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2025 yil yanvar-dekabr oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 376 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,9 foizga o‘sgan.

Hududlar kesimida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqlari Toshkent shahrida 10 mln 753 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,3 foizga oshgan.
Shuningdek, bu ko‘rsatkich Namangan viloyatida 4 mln 751 ming so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 122,8 foiz), Sirdaryo viloyatida 5 mln 119 ming so‘mni (120,8 foiz), Jizzax viloyatida 4 mln 786 ming so‘mni (120,5 foiz), Farg‘ona viloyatida 4 mln 730 ming so‘mni (119,1 foiz) va Xorazm viloyatida 5 mln 52 ming so‘mni (118,4 foiz) tashkil etgan.
Shu bilan birga, o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi Qashqadaryo viloyatida 4 mln 476 ming so‘mni (118,2 foiz), Samarqand viloyatida 4 mln 737 ming so‘mni (117,8 foiz), Surxondaryo viloyatida 4 mln 481 ming so‘mni (117,4 foiz), Buxoro viloyatida 5 mln 93 ming so‘m (117,2 foiz), Toshkent viloyatida 5 mln 967 ming so‘mni (116,9 foiz), Navoiy viloyatida 7 mln 871 ming so‘mni (116,0 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 mln 3 ming so‘mni (115,7 foiz) hamda Andijon viloyatida 5 mln 238 ming so‘mni (113,4 foiz) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan o‘sish sur’ati pastroq ekani kuzatilgan.

O‘rtacha oylik nominal ish haqi iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, eng yuqori o‘sish sur’atlari san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida qayd etilgan. Xususan, mazkur sohada 2024 yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 26,4 foizni tashkil etib, ish haqi miqdori 5 mln 448 ming so‘mga yetgan.
Shuningdek, ta’lim yo‘nalishida ham sezilarli o‘sish qayd etilib, ish haqi miqdori 4 mln 372 ming so‘mni tashkil etgan (o‘sish – 20,1 foiz). Tashish va saqlash sohasida o‘rtacha ish haqi 9 mln 659 ming so‘mni tashkil etib, 18,9 foizga, sanoat sohasida esa 7 mln 525 ming so‘mga yetgan (16,7 foiz o‘sish). Axborot va aloqa sohalarida o‘rtacha ish haqi 15 mln 298 ming so‘mni tashkil etib, 15,8 foizga oshgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln 90 ming so‘m bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,8 foizga oshgan. Qurilish sohasida bu ko‘rsatkich 6 mln 548 ming so‘mni tashkil etib, 9,1 foizga, savdo sohasida 6 mln 961 ming so‘mni tashkil etib, 12,0 foizga, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida 3 mln 909 ming so‘mni tashkil etib, 14,5 foizga oshgan. Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasida esa o‘rtacha oylik ish haqi 17 mln 597 ming so‘mni tashkil etib, 15,2 foizga o‘sgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda 2025 yilning yanvar-oktyabr oylarida o‘rtacha oylik ish haqi 42 ming 919 somni yoki 491,3 AQSH dollarini tashkil etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi