O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi oshdi
Jamiyat
−
25 iyul 27589 2 daqiqa
2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ish haqi o‘rtacha 6 million so‘mga yaqinlashdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mitaga ko‘ra, bu ko‘rsatkich aynan 5 mln 982 ming so‘mni tashkil qilgan. Bu o‘tgan yilgi shu davrga nisbatan 17 foizdan ko‘proqqa oshgan.
Qayd etilishicha, eng ko‘p maosh oladiganlar Toshkent shahrida – 10 milliondan ortiq. Undan keyin Navoiy viloyati (7,48 mln) va Toshkent viloyati (5,67 mln) o‘rin olgan. Qashqadaryoda esa bu raqam eng past – 4,1 million so‘m atrofida.
Sohalar bo‘yicha farqlar ham sezilarli. Moliyachilar va sug‘urta tizimida ishlaydiganlar o‘rtacha 16 milliondan ortiq maosh oladi. Axborot va aloqa sohasi ham yetakchilar qatorida – bu yerda maosh 14 milliondan yuqori. Eng katta maosh esa dasturchilarda – 19 milliondan ortiq.
Sog‘liqni saqlash sohasida ishlaydiganlar o‘rtacha 3,6 million so‘m maosh olayotgani aytilgan. Oliy o‘quv yurtlarida ishlovchilar 9,5 million atrofida olsa, bog‘chalarda bu raqam bor-yo‘g‘i 2,2 millionni tashkil etadi. San’at, ko‘ngil ochish va dam olish yo‘nalishlarida o‘rtacha oylik ish haqi 5,03 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning I choragida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 5 mln 796,1 ming so‘mni tashkil etgani va ushbu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 18 foizga o‘sgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi