O‘zbekistonda tug‘ilish kamayib, o‘lim soni oshdi
Jamiyat
−
25 Oktabr
12773O‘zbekistonda so‘nggi 9 oyda tug‘ilish kamayib, vafot etganlar soni oshdi. Bu haqda Statistika agentligining O‘zbekistonning demografik ko‘rsatkichlariga doir hisobotida e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 2024 yilning 1 oktyabr holatida O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 mln 355,4 ming nafarga yetgan. Umumiy aholining 50,4 foizini erkaklar, 49,6 foizini esa ayollar tashkil qilmoqda. 9 oyda 179,4 ming nikoh tuzilgan bo‘lsa, 34 mingta ajrashish qayd etilgan. 193,5 ming kishi O‘zbekistondan chetga ko‘chib ketgan, 186,6 ming kishi ko‘chib kelgan.
Hisobotga ko‘ra, horiy yilning yanvar-sentyabr oylarida 693,9 mimg nafar chaqaloq dunyoga kelgan va bu 2023 yilga nisbatan 3,2 foizga kam. Tug‘ilganlarning 360 ming nafari o‘g‘il bolalar, 333,9 ming nafari qizlar. Ularning 49,5 foizi, ya’ni 343,4 ming nafari shaharlarda dunyoga kelgan bo‘lsa, 350,5 ming nafari qishloqlarda tug‘ilgan. Tug‘ilganlar sonining eng ko‘p ulushi Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.
Qayd etilishicha, 2024 yil yanvar-sentyabr oylarida vafot etganlar soni 131,7 ming kishini tashkil etgan. 2023 yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 129,7 ming kishi bo‘lgan. Joriy statistikaga ko‘ra, vafot etganlardan 72,3 ming nafari erkaklar, 59,4 nafari esa ayollar. Ularning soni shahar joylarida 74,5 ming kishini, qishloq joylarida 57,2 ming kishini tashkil qilgan.
O‘limning asosiy sabablari sifatida qon aylanish tizimi kasalliklari (57,2 foiz), o‘simtalar (9,5 foiz), nafas olish a’zolari kasalliklari (6,5 foiz) va baxtsiz hodisalar (5,8 foiz) ko‘rsatilgan. Vafot etganlar sonining eng ko‘p ulushi Samarqand va Farg‘ona viloyati hamda Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.