O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni yiliga 1 milliondan oshishi mumkin
Jamiyat
−
18:07 420 2 daqiqa
2040 yilga borib O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni yiliga 1 mlndan oshishi mumkin. Bu haqda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tayyorlangan “Ichki va tashqi migratsiyaning demografik jarayonlar va oila institutiga uzoq muddatli ta’sirini baholash” ilmiy loyihasi doirasida tug‘ilish ko‘rsatkichlarining uzoq muddatli prognozida keltirilgan.
Prognoz natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni kelgusi yillarda o‘sishda davom etadi:
- 2030 yilda — 892,7 ming nafar;
- 2040 yilda — 1 016,1 ming nafar;
- 2050 yilda — 1 234,1 ming nafar.
Shu tariqa, 2050 yilga borib tug‘ilishlar soni 2025 yilga nisbatan 354,5 ming kishiga yoki 40,3 foizga ko‘payishi prognoz qilinmoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari:
- Toshkent viloyati – 62 foiz;
- Toshkent shahri – 61 foiz;
- Andijon viloyati – 48,6 foiz;
- Samarqand viloyati – 43,3 foiz;
- Namangan viloyati – 42,4 foiz.
Tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti bo‘yicha esa o‘rta muddatda biroz pasayish, keyinchalik barqaror o‘sish tendensiyasi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 2030 yilda 21,2 promille, 2040 yilda 20,8 promille, 2050 yilda esa 21,9 promilleni tashkil etishi prognoz qilingan.
2050 yilda tug‘ilish koeffitsiyenti eng yuqori bo‘lishi kutilayotgan hududlar:
- Surxondaryo viloyati – 24,7 promille;
- Qashqadaryo viloyati – 23,8 promille;
- Namangan viloyati – 23,1 promille;
- Samarqand viloyati – 23,1 promille;
- Andijon viloyati – 22,9 promille;
- Toshkent shahri – 22,3 promille.
Qayd etilishicha, tug‘ilishlar sonining prognoz qilinayotgan o‘sishi kelgusi yillarda ta’lim, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim, uy-joy, ijtimoiy xizmatlar va mehnat bozori infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyojni ham oshiradi. Shu nuqtai nazardan, demografik o‘zgarishlarni oldindan baholash davlat resurslarini samarali taqsimlash, hududlarni kompleks rivojlantirish va inson kapitaliga investitsiyalarni strategik rejalashtirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 39 million nafardan oshgani va soni 39 mln 47 ming 321 nafarni tashkil etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi