O‘zbekistonda ro‘yxatga olishdan keyingi aholi soni aytildi

Jamiyat

image

Ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 39 million nafardan oshdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Ayni vaqtda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 39 047 321 nafarni tashkil etgan.

“Joriy statistik hisob-kitoblar bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 38 236 704 nafar edi. Farq 810,6 ming nafarni tashkil qildi”, deyiladi hisobotda.

Shuningdek, aholi soni 1989 yildagi ro‘yxatga olish natijalariga nisbatan 2 barobarga oshgani ma’lum qilingan.

Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, umumiy aholining 97,3 foizi ro‘yxatga olingan. Aholining 2,7 foizi esa turli sabablarga ko‘ra ro‘yxatga olish jarayonlarida ishtirok etmagan.

Ta’kidlanishicha, mazkur ko‘rsatkich xalqaro me’yorlar bo‘yicha normal holat hisoblanadi. Ayrim davlatlar tajribasida ro‘yxatga olish jarayonida qamrab olinmagan aholi ulushi 10 foiz va undan yuqori bo‘lgan holatlar ham kuzatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aholisi eng ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlar reytingi e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing