O‘zbekistonda terrorizm va diniy ekstremizm yo‘liga kirgan 750 kishi hamon “tavba” qilmagan
Jamiyat
−
21 noyabr 2020
10757O‘zbekistonda terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etib, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan 750 nafar mahbus hamon o‘z g‘oyalaridan qaytmagan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining kecha, 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan 9-yalpi majlisida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov ma’lum qildi.
Senat yalpi majlisida 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomidagi ijrosi ko‘rib chiqildi.
Davlat dasturining 251-bandida diniy ekstremizm g‘oyalari ta’siriga adashib tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ularni sog‘lom hayotga qaytarish tizimini yanada takomillashtirish masalasi ilgari surilgan.
Bunda:
• diniy ekstremizmga aloqador fuqarolarni sog‘lom hayotga qaytarish, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal etish, aholi o‘rtasida zararli diniy g‘oyalar ta’siriga tushish holatlarining oldini olish bo‘yicha ishlarni takomillashtirish;
• ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, ushbu sohadagi ishlarning yangi samarali mexanizmlarini joriy etish;
• mazkur toifadagi shaxslarning bandligi, ta’lim olishi, ijtimoiy himoyasini ta’minlashga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Qutbiddin Burxonovga ko‘ra, o‘tgan 4 yilda diniy oqimlar ta’siriga adashib kirib qolgan, o‘zi qilmishidan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarni afv etishga alohida e’tibor qaratilib, oxirgi 4 yilda 12 marotaba afv etish to‘g‘risidagi Prezident farmonlari e’lon qilingan va farmon asosida 4611 nafar mahkumlar afv etilgan.
Anglashilicha, bugun terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani uchun hibsxonaldarda saqlanayotgan 750 kishi tuzalish yo‘liga o‘tmagan, g‘oyalaridan voz kechmagan. Bu haqda Burxonov shunday deydi:
“Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligining quyi bo‘g‘inlari tomonidan afv etilgan shaxslarni profilaktik hisobga olish jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta’minlash hamda ularning monitoringlarini amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Olib borilayotgan ijtimoiylashuv tadbirlariga qaramasdan terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlarning 750 nafari bugungi kunga qadar o‘z g‘oyasidan qaytmagan. Shu sababli Hukumat tomonidan davlat dasturining ushbu bandi ijrosiga alohida e’tibor qaratilishini so‘rab, Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish yo‘nalishida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va o‘z g‘oyalaridan qaytmagan fuqarolarni bochqichma-bosqich sog‘lom ijtimoiy jamiyatga qaytarish maqsadida joylardagi hokimlik, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash organlari yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda ish tutishlari kerak”.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr