O‘zbekistonda taqiqlangan ekstremistik va terroristik kontentlar ro‘yxati e’lon qilindi (ro‘yxat)

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan mamlakat hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar ro‘yxati e’lon qilindi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar berdi.

Quyida 2023 yil 17 may holatiga ko‘ra, ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar ro‘yxati ilova qilinadi.

Keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasida ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallar joylashtirilgan internet saytlari, kanallar, profillarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish yuzasidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan mexanizm asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur mexanizmga asosan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorligida internet tarmog‘idagi radikal diniy mazmundagi kontentlar aniqlanib, Oliy sud qarori bilan ular ekstremistik va terroristik materiallar deb topiladi.

Ushbu tartibga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 60 ga yaqin qarori chiqarilib, ularga muvofiq 500 dan ortiq kontent radikal mazmunda deb topilgan hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, tarqatish, saqlash, olib kirish va namoyish etish taqiqlangan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022 yil 14 apreldagi 180-son qaroriga ko‘ra, har qanday diniy mazmundagi materiallar dinshunoslik ekspertizasi o‘tkazilishi va ekspertizaning ijobiy xulosasi ularni O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi, olib kirilishi va tarqatilishi uchun asos hisoblanishi qayd etilgan.

Mazkur qarorga asosan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita muayyan bir shaxsga yoki uning xatti-harakatlari yuzasidan ekspertlik xulosasini bermaydi. Qo‘mita huquq-tartibot organlari taqdim etgan diniy mazmundagi materiallar yuzasidan davlat dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazadi hamda ular bo‘yicha ekspertlik xulosasini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq tayyorlaydi.

Diniy mazmundagi materiallar tegishli qonun hujjatlariga ko‘ra, quyidagi holatlarda:

  • jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy yoki ijtimoiy mavqeiga qarab yoki boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoxud o‘zga shaxslar mahsulotlarini obro‘sizlantirish;
  • O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumi, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qilish;
  • urush, zo‘ravonlik, terrorizm, shuningdek diniy ekstremizm va separatizm g‘oyalarini targ‘ib etish;
  • milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborotni tarqatish;
  • diniy e’tiqodni o‘zgartirishga da’vat qilish;
  • dindorlarning diniy tuyg‘ularini haqorat qilish yoki kamsitish;
  • fuqarolarni o‘z konstitutsiyaviy majburiyatlarini bajarmaslikka chaqirish;
  • davlat, jamoat yoki diniy tashkilotlarning huquqlari va mol-mulkiga tajovuz qilishga undash kabi g‘oyalar aks etgan materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash va tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida Telegram’dagi guruhga nashid tarqatgan 20 yoshli yigit 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Ayblanuvchi o‘ziga tegishli bo‘lgan iPhone-X telefonida ochilgan Telegram profili yordamida o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli “jihod” va “hijrat”ga da’vat qiluvchi diniy mazmundagi nashidlarni 10 nafar a’zosi bo‘lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatganligi aniqlangan.

Shuningdek, bundan avvalroq Toshkent shahrida 22 yoshli talaba yigit telefonida nashid eshitgani uchun Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Unga tayinlangan jazo shartliga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida qamoqdan ozod qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston ekstremistik va terroristik kontent taqiqlangan materiallar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made