O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun Majburiy talablar reyestri tuziladi
Jamiyat
−
21:19 254 2 daqiqa
O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestri yuritiladi. Bu haqda bugun, 17 avgust kuni qabul qilingan O‘zbekiston Rkrpublikasining 1168-sonli qonunida so‘z boradi. Ushbu hujjat bilan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritilgan.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, tadbirkorlar qonunchilikda belgilangan tartibda energiya manbalariga ulanish va ulardan foydalanish huquqiga egaligi belgilandi.
Tadbirkorlar zimmasiga yangi majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlar yuklatilishini nazarda tutuvchi normativ hujjatlar loyihalari bevosita tadbirkorlar hamda ular birlashmalari ishtirokida muhokama qilinishi ko‘zda tutildi.
Tadbirkorlik sub’ektining faoliyati quyidagi hollarda to‘xtatib turilishi mumkin:
- o‘zining arizasiga asosan;
- 10 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga – nazorat qiluvchi organlar tomonidan;
- 10 ish kunidan ortiq, lekin 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga – sud tomonidan.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun normativ-huquqiy hujjatlar va normativ-texnik hujjatlar bilan belgilangan barcha majburiy talablar davlat tomonidan Majburiy talablar reyestriga kiritiladi.
Majburiy talablar reyestriga ma’lumotlar tegishli sohadagi vakolatli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritiladi.
Adliya vazirligi Majburiy talablar reyestrining operatori hisoblanadi. Tadbirkorlik sub’ektlari Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ijtimoiy tadbirkorlik davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi belgilangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi