Migrantlikdan tadbirkorlikkacha. Prezidentga berilgan va’da bajarildimi?
Biznes
−
09:15 415 7 daqiqa
2025 yil, 20 avgust. Yangi Toshkent… Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan an’anaviy V ochiq muloqotni o‘tkazdi. Unda bir qator ishbilarmonlar o‘z faoliyati, natijalari va kelajak rejalari haqida davlat rahbariga gapirib berdi. Nutq qilganlar orasida 7 yil xorijda ishlagan, vatanga qaytib biznes boshlagan Olloshukur Rustamov ham bor edi.
“Menga kimdir “Sen shunaqa prezident bilan uchrashasan, qaytasan vataningga”, desa, men ishonmasdim hech qachon. Men bugun bu yerdagi suhbatdan o‘zimga yana motivatsiya olib, Xudo xohlasa, kelajakda Xiva shahrida bir yilning ichida premium darajadagi yangi mehmonxona va yangi restoran quraman. Xiva shahrida turistlarga xizmat qiladigan ko‘p ishlar qilaman. Rahmat aytaman sizga, hurmatli prezident”, degandi u.
Davlat rahbari esa mas’ullarga ushbu masalani yozib olish, keyinchalik darhol yordam berishni topshirgan edi.

Bu gaplar shunchaki davlat rahbari oldida nutq qilayotganda to‘lqinlanib ketishining natijasi emas, aksincha, aniq maqsadga yo‘naltirilgan rejalarning bayoni edi. Va’da berildi va u bajarildi. Vaqt ham ko‘p ketmadi. Aytilganidek, oradan bir yil o‘tib, tarixiy manzilda premium darajadagi mehmonxona va restoran rasman ochildi. Sofra…
Katta tadbirkorlar, shou-biznes vakillari, jurnalistlar va sportchilarning maqtovlariga sabab bo‘layotgan yangi manzil hikoyasi 2025 yilning 20 avgustida shu tariqa boshlangan edi.
“Yoshligimiz og‘ir va murakkab davrlarga to‘g‘ri kelgan. 2015 yillar atrofida Xivada ish topishning deyarli imkoni yo‘q edi. Moddiy qiyinchiliklar sababli oddiy gamburgerxonalardan ortib qolgan nonlarni uyga tashib kun ko‘rgan paytlarimiz bo‘lgan. Oxir-oqibat, bu kabi nochor turmush tarziga chiday olmay, yurtni tark etishga majbur bo‘ldik. “Bo‘ldi, bunday yashab bo‘lmaydi, o‘lsak ham o‘sha yerlarda o‘laylik”, degan qarorga keldik”, deydi tadbirkor o‘smirlik paytini eslab.
Gap 2012 yilda qabul qilingan qaror haqida ketyapti. Suhbatdoshimiz 2019 yilgacha Rossiyada oshpazlik faoliyati bilan shug‘ullangan. O‘zbekistonda tadbirkorlikka nisbatan qarashlar o‘zgarganidan so‘nggina u vatanga qaytish haqida o‘ylagan.
“O‘zbekistonda davlat siyosati va muhit o‘zgargach, Rossiyadan turib ijtimoiy tarmoqlar orqali yangiliklarni kuzatib bordik. To‘g‘risi, boshida bu gaplarga umuman ishonmasdik, barchasini navbatdagi balandparvoz va eskicha gap-so‘zlar deb o‘ylardik. Keyinchalik vaziyatni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish uchun Xorazmga qaytdim. Uydagilarga “sizlar hozircha shu yerda turinglar, men borib vaziyatni o‘rganaman. Agar haqiqatan ham o‘zgarish bo‘lsa, ish boshlashning imkoni topilsa, sizlarni ham chaqirib olaman”, dedim. Xullas, yurtga qaytdik va hech qanday boshlang‘ich kapitalsiz, mutlaqo pulsiz o‘z biznesimizni yo‘lga qo‘ydik”, deydi tadbirkor.
.png)
U tadbirkorlarga ajratilgan imtiyozlardan foydalanib, 20 ming dollar bilan biznes boshlaganini ma’lum qildi.
“To‘g‘risini aytsam, hozir erishgan natijalarimizga ba’zan o‘zimning ham ishongim kelmaydi. Qaytganimdan so‘ng bozor va biznes imkoniyatlarini har taraflama tahlil qila boshladim. “Nima ish bilan shug‘ullansa bo‘ladi?” degan savolga javob izlab, har kuni rejalarni qog‘ozga tushirardim: chorvachilik, savdo-sotiq, ehtiyot qismlari yoki qurilish mollari do‘koni ochish, restoran tashkil etish kabi ko‘plab g‘oyalar xayolga kelardi. O‘zimiz oshpaz bo‘lganimiz sababli, baribir ko‘nglimizga eng yaqin soha – umumiy ovqatlanish yo‘nalishi ustunlik qilaverardi. Lekin bu miqyosdagi loyihani amalga oshirish uchun katta mablag‘ – kamida 200–300 ming AQSH dollari talab etilardi, bizda esa bunday imkoniyat yo‘q edi. Shundan so‘ng bozorni yanada chuqurroq o‘rganishga kirishdim. O‘zimcha “katta restoranga kuchimiz yetmasa ham, loaqal xot-dog yoki oddiy kofe sotib bo‘lsa-da, kunimizni ko‘rishimiz mumkin-ku”, deya xulosa qildim. Musofirchilikda, migrant bo‘lib yurgandan ko‘ra, o‘z yurtimizda halol mehnat qilib, oilamiz tebransa bo‘ldi, degan ezgu va xolis niyat bilan shu ishga qadam qo‘ydik”, deydi tadbirkor.

Shundan so‘ng bozor o‘rganilgan, aniq reja ishlangan. Natija esa uzoq kuttirmagan.
“Vaziyatni to‘g‘ri baholab, tinimsiz o‘z ustimizda ishladik: taomlar menyusini boytdik, sifatini oshirdik va xalqimizga yuqori darajada xizmat ko‘rsatishga harakat qildik. Ishonish qiyindir, ammo 2019 yilgacha Xorazm viloyatining markazi bo‘lmish Urganch shahridan biror kishi maxsus ovqatlanish uchun Xivaga kelmagan. Xivaliklarning o‘zi ham biroz pul topsa yoki tug‘ilgan kun va boshqa oilaviy tadbirlarni o‘tkazmoqchi bo‘lsa, albatta, Urganchga borardi. Biz esa ana shu qarashni o‘zgartirib, birinchilardan bo‘lib viloyat ahlining nigohini Xivaga qaratishga erishdik. Bu, shubhasiz, mamlakatda yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarning amaldagi natijasidir. Yurtga qaytib, astoydil halol mehnat qildik, bizga esa ishlash uchun barcha imkoniyatlar yaratib berildi, ortiqcha g‘ov va g‘arazli aralashuvlar bo‘lmadi. Erkin va munosib muhitda mazza qilib faoliyat yuritdik. Natijada, nol nuqtadan boshlangan biznesimiz bugungi kunga kelib ming barobarga (1000X) o‘sdi va kengaydi. Xudo xohlasa, yaqinda Toshkentda, Samarqandda, Buxoroda, keyinchalik xorijiy davlatlarda filialimizni ochishni niyat qilyapmiz. Bularga bemalol kuchimiz ham yetadi, kadrimiz ham yetadi, hamma narsamiz yetadi”, deb natijalari haqida gapirdi ishbilarmon.

Qisqa fursatda ko‘rsatilgan katta natijalar sababli tadbirkor yigit “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Shundan so‘ng u umidli soha vakili sifatida prezident bilan uchrashuvchi biznes egalari qatoriga qo‘shilgan. Uning aytishicha, davlat rahbari bilan yuzlashishini hatto bilmagan.
“Tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan ochiq muloqotda Davlat rahbari bilan uchrashishim haqida menga hech qanday oldindan ogohlantirish berilmagan edi. 2025 yil avgust oyining boshida qandaydir rasmiy anjumanga taklif etishdi. To‘g‘risini aytsam, u qanday darajadagi tadbirligini ham tasavvur qilmagandim. Men kabi oddiy bir inson uchun mamlakatning eng yirik tadbirkorlari jamlangan davrada o‘tirish tushga ham kirmaydigan hodisa edi. Toshkentga yetib borganimdan so‘ng, menga Prezident farmoniga ko‘ra, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni berilganini ma’lum qilishdi. O‘sha lahzada quvonchimni ichimga sig‘dira olmay, ko‘zlarimga yosh keldi. Bugungi ochiq siyosatning amaldagi isboti o‘laroq, tadbirning o‘zida barcha qatnashchilarga murojaat qilinib: “Kimda qanday taklif yoki aytadigan gapi bo‘lsa, bemalol so‘zga chiqishi mumkin”, deyildi. Shu payt prezidentimizga shaxsan minnatdorchilik bildirish istagi paydo bo‘ldi, xolos. Aslida, menda mehmonxona yoki yangi restoran majmualarini qurish borasida biror aniq reja yoki niyat yo‘q edi. Lekin muloqot davomida Davlatimiz rahbari tomonidan turizm sohasiga, xususan, mehmonxonalar tarmog‘ini rivojlantirishga berilayotgan imkoniyatlarni ko‘rib, to‘xtab tura olmadim: “Nega endi mening ham o‘z mehmonxonam bo‘lmasligi kerak? Restoranim bor-ku”, deya o‘z-o‘zimga savol berdim. Uchrashuv yakunlangach, sodir bo‘lgan voqealarga ishongim kelmasdi. Yonimga mamlakatning yirik tadbirkorlari, obro‘li insonlar kelib: “Barakalla, juda samimiy va zo‘r chiqish qildingiz”, deya tabriklay boshlashdi. Men esa o‘sha hayajonli daqiqalarda mutlaqo shok holatida edim. Qanday qilib qo‘l ko‘targanim, qanday gapirganim ham yodimdan ko‘tarilgan edi”, deydi Olloshukur Rustamov.

Aytilgan gaplarni amalda bajarish uchun darhol ishlar boshlangan. Joriy yilning 29 sentyabriga kelib esa 90 o‘rinli, 39 xonadan iborat premium darajadagi mehmonxona va bir vaqtning o‘zida 400 kishiga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan “Sofra” restoranining ikkinchi filiali faoliyatini rasman boshladi. Unda yana o‘nlab ishchi o‘rni yaratildi. Umumiy hisobda esa xodimlar soni 500 ga yaqinlashdi.
“To‘g‘risini aytsam, bugungi kunga kelib, erishgan natijalarimizga, ikkinchi filialimizni ochganimizga va shunday yuqori darajaga yetib kelganimizga hozirgacha o‘zim ham ishona olmayman. Bularning bariga qanday erishganimizni o‘ylab, ba’zan sodir bo‘layotgan voqealar menga xuddi tushday tuyuladi. Bizning ortimizda hech qanday quvvatlovchi shaxslar yoki manfaatlar yo‘q – faqatgina Davlat rahbari va u kishining bildirgan yuksak ishonchi hamda qo‘llab-quvvatlovi bor, xolos”, deydi tadbirkor.
Batafsil YouTube sahifamizda.
Xorazm viloyati, Xiva shaxri, "Yangiturmush" MFY, N. Kubro ko‘chasi, 56/4 uy.
Mo‘ljal: Xiva shahar, Ichan qal’a ota darvozasi oldida.
Instagram: @sofra_restuarant @iki_sofra
Reklama huquqi asosida
Live
BarchasiTo‘qayev Putinni atoqli davlat arbobi deb atadi
29 Sentyabr