Mulk daxlsizligi va qonun ustuvorligi tadbirkorni xotirjam qiladi – Saidvali Nasretdinov
Biznes
−
17:37 652 5 daqiqa
O‘zbekistonda davlat darajasida o‘tkaziladigan eng muhim tadbirlar qatorida, shubhasiz, Prezident va biznes vakillarining an’anaviy ochiq muloqoti bor. Avval o‘tkazilgan 5 ta muloqotdan kelib chiqib, bu yilgi avgust oyida bo‘lib o‘tadigan oltinchi uchrashuvni ham sohaning navbatdagi burilish nuqtasi bo‘ladi, deb taxmin qilish mumkin.
Biznes vakillarini bir davraga yig‘ib, ularning dardini bevosita eshitish eng samarali tizim sifatida e’tirof etiladi. Xo‘sh, real natijani bu jarayonning ichida yurgan tadbirkorlarning o‘zi qanday baholaydi?
Ushbu savolga javob olish uchun QALAMPIR.UZ navbatdagi suhbatga agrosohada 12 yillik tajribaga ega, bugungi kunda "UNIAGRI GROUP" kompaniyalar guruhi tarkibida intensiv bog‘dorchilik, sabzavotchilik va mahsulotlarni Yevropa hamda Yaqin Sharq davlatlariga eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi raisi Saidvali Nasriddinovni taklif etdi. Prezident muloqotlarining doimiy ishtirokchisi bo‘lgan mehmonimiz bilan sohadagi haqiqiy manzara, qarorlar ijrosidagi byurokratik to‘siqlar va meva-sabzavotchilikdagi global xavf-xatarlar haqida ochiqcha suhbatlashdik.
Tadbirkorlikka keng yo‘l: Oxirgi 10 yillikning eng muhim o‘zgarishlari
Oxirgi o‘n yillikda biz – tadbirkorlar uchun eng asosiy erkinliklar va yengilliklardan biri, shubhasiz, valyuta konvertatsiyasi masalasining hal etilishi bo‘ldi. Bundan tashqari, plastik kartochkalar orqali muomala qilish imkoniyati kengaygani va mablag‘larni erkin aylantirish yo‘lga qo‘yilgani biznesga katta nafas berdi.
Yana bir muhim jihat – tadbirkorlar muammolarini bevosita Prezident darajasigacha ko‘tarish imkoniyati paydo bo‘lgani va ularning shaxsan qo‘llab-quvvatlanishidir. Bugun o‘zimiz uchrayotgan muammolarimizni Biznes Ombudsman, Soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi kabi tashkilotlar orqali davlatimiz rahbariga yetkazish, u kishidan yordam, maslahat, imtiyozlar olish, fikrlarimizni bo‘lishish imkoni bor.
Korxonalarni subsidiyalar orqali rag‘batlantirish tizimi sezilarli darajada kengaydi. Misol uchun, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, yangi ko‘chatzorlar barpo etish uchun ajratilayotgan subsidiyalar hamda meva-sabzavot realizatsiyasida 0 foizlik QQS stavkasining belgilanishi amaliy yordam bo‘ldi.
Eslang, Prezidentimiz tadbirkorlarga keng yo‘l ochar ekan, tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilib, "2 ta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman", deb bizga dalda, ishonch, mas’uliyat berdilar. Ana shu gaplar boshqa tashkilotlar uchun namuna bo‘ldi. O‘sha kungacha bunday gaplarni davlat rahbaridan eshitishni biz faqat tush deb o‘ylardik. Bu borada davlat rahbari tashabbusi bilan joylardagi ijro hokimiyati organlariga tadbirkorga xalaqit berish emas, balki yordamchi bo‘lish majburiyati yuklatilayotganini ham ijobiy qadam sifatida baholash mumkin.
Bir yoqadan bosh chiqarilishi kerak
Har yili Prezident va tadbirkorlar uchrashuvi natijasida har xil soha uchun turli yaxshi yangiliklar bo‘ladi. 6 yildirki, tadbirkorlarning o‘z bayrami bor, 6 yildirki, bizning masasalarimizga quloq tutiladigan va birgalikda yechim axtariladigan kun bor, 6 yildirki, biznes egalari va ularning qo‘l ostida mehnat qilayotgan minglab odamlar o‘z mehnatlari mevasini birgalikda baham ko‘radigan kunlarni ko‘ryapmiz. Mana shunday uchrashuvlarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish borasida bergan bir necha takliflarim Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan hujjatlarga kiritilgani bir tarafdan g‘urur bag‘ishlasa, ikkinchi tarafdan bizning takliflarimiz ham inobatga olinayotgani va real hayotda o‘z ifodasini topayotgani xursand qiladi.
Albatta, Prezident qo‘yayotgan talablarga, marralarga yetish uchun ham tadbirkor, ham ijro organi birgalikda, bir tushuncha asosida mehnat qilishi, ishonchni oqlashi, vazifalarni uddalashi kerak. Buning uchun eng birinchi navbatda quyi tizimdagi ishlarni jadallashtirish, davlat rahbari aytganidek, kichik va o‘rta biznesning yo‘lini ochish, ularga qanot berish kerak.
Zamonaviy fikrlashdan qo‘rqmaslik kerak
Tabirkorlik – oson ish emas. Lekin, iloji yo‘q yoki qilib bo‘lmaydigan ish ham emas. Harakat va shijoat kerak.
Bugungi kunda tadbirkorlarga shu jumladan qishloq ho‘jaligi sohasida zamonaviy dunyoqarash, ilm, tezlik yetishmaydi, deb hisoblayman. Hali ham “mening ota-bobom shunday kilgan” qabilidagi fikr yurituvchilar ko‘pchilikni tashkil etishi achinarli holat. Eski usullardan voz kechish, tashabbuskorlik va shijoat bilan harakat qilish, korxonani boshqarish amaliyoti, yangi tajribalarni amaliyotda qo‘llashdan qo‘rqmaslik yetishmaydi.
Mulk daxlsizligi va qonun ustuvorligi tadbirkorni xotirjam qiladi
Prezidentimiz o‘z chiqishlarida doimiy ravishda mulk daxlsizligi shunchaki quruq gap yoki deklaratsiya emas, balki amalda bo‘lishi kerakligi, qonun ustuvorligi va sud hokimiyatining mustaqilligi ta’minlash, hech bir mansabdor yoki shaxs qonundan ustun bo‘lmasligini aytadilar. Bu tadbirkorlarning ichidagi gap. Afsuski, ba’zi hollarda hududlarda tadbirkorlarning faoliyati va mulkiga daxl qiladiganlar uchrab turishi hali oldimizda qilishimiz kerak bo‘lgan ko‘p ishlar, yechishimiz kerak bo‘lgan ayrim masalalar borligini ko‘rsatadi. Qonuniy kafolatlar kuchaytirilishi, investor va tadbirkorlarni yanada xotirjam qiladi. O‘ylaymanki, 10 yilda bugungi o‘zgarish va rivojlanish bosqichida turgan O‘zbekiston uchun bunday kichik masalalarni yechish mushkul emas.
Sohadagi global xavf-xatarlar
Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi eng birinchi darajali global masalaga aylanib bo‘ldi va bu trend yaqin kelajakda yanada kuchayadi.
Bizning eng katta maqsadimiz va imkoniyatimiz – O‘zbekistonni meva-sabzavotchilikda dunyo bozorida o‘z mustahkam o‘rni va brendiga ega davlatga aylantirish. Buning uchun eksportbop mevalarni, tashishga va saqlashga chidamli mahsulot beradigan yangi navli ko‘chatlarni olib kelib ekish va bozorlarni shu orqali egallash zarur. Masalan, Gruziya yoki Fransiya deganda ko‘z oldimizga uzum va vinochilik, Chili deganda gilos, Gollandiya deganda esa sifatli sut va pishloq mahsulotlari keladi. O‘zbekiston ham meva-sabzavotchilikda – gilos, o‘rik, shaftoli, uzum, anor, pomidor, bodring, gulkaram, brokolli va turli sabzavotlar bo‘yicha jahon peshqadamlaridan biriga aylanishi va o‘z milliy brendini yaratishi shart.
Albatta, bu yo‘lda qator xavf-xatarlar va chaqiriqlar ham yo‘q emas. Eng avvalo, iqlim o‘zgarishi jiddiy muammo bo‘lmoqda: erta bahorgi sovuq urishlari yoki yozdagi anomal issiq daraxtlarni kuchli stressga solyapti. Bundan tashqari, geosiyosiy beqarorlik tufayli logistika zanjirlari uzilib, yuk tashish narxlari keskin ko‘tarilib ketyapti. Tashqi bozorlarning beqarorligi, ya’ni eksport yo‘llarining vaqti-vaqti bilan yopilishi, narxlarning tez-tez o‘ynab turishi va dunyo bozorida raqobatning kuchayib borishi ham tadbirkordan juda ehtiyotkor va egiluvchan bo‘lishni talab qiladi.
Shu sababli, bu xavf-xatarlarni oldindan hisobga olib, eskicha usullardan voz kechish, faqat va faqat ilm va zamonaviy texnologiyalarga tayangan holda ish tutish bugungi davrning eng katta talabidir.
Live
Barchasi