O‘zbekistonda sudya bo‘lish uchun qiziq bir talab qo‘yilmoqda
Jamiyat
−
11 aprel 2020
33393Loyihalar portaliga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”ga qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar bergandik. Unga ko‘ra, 2025 yildan sudya bo‘lishni istovchi nomzodlarga talablar soni yana bittaga ortadi.
Ya’ni, advokatlik kasbining obro‘sini oshirish hamda sudlov ish yurituvining ayblov tarafga og‘ishini istisno etishni, qonunlarga qat’iy rioya qilishni, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini hamda sud protsessida tortishuv tamoyilini ta’minlovchi zamonaviy va xaqiqatan mustaqil bo‘lgan, har tomonlama kasbiy va xayotiy tajribaga ega bo‘lgan sudyalik korpusini shakllantirish maqsadida, 2025 yil 1 yanvardan sudyalikka nomzodlarga qo‘yiladigan majburiy talablardan biri bo‘lib advokat sifatida ikki yildan kam bo‘lmagan ish stajining mavjud bo‘lishi belgilanadi.
O‘zi sudya bo‘lish uchun qanday talablar mavjud edi?
O‘zbekiston Respublikasining Sudyalar to‘g‘risidagi yangi tahrirdagi qonuniga ko‘ra, sudyalikka nomzodlarga quyidagi talablar qo‘yilgan:
- O‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga va yuridik ixtisosligi bo‘yicha, avvalambor, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudining, tuman (shahar) ma’muriy sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi bo‘lishi mumkin;
- Oliy yuridik ma’lumotga va yuridik ixtisosligi bo‘yicha kamida yetti yillik, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyat sudining, Toshkent shahar sudining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining sudyasi bo‘lishi mumkin;
- Oliy yuridik ma’lumotga va yuridik ixtisosligi bo‘yicha kamida o‘n yillik, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi bo‘lishi mumkin;
- Sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasida turgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda o‘qishi shart. O‘qish davrida ular asosiy ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi saqlanmagan holda mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etiladi, biroq o‘qishning butun davrida ish joyi (lavozimi) saqlanadi.
Loyiha muhokamasi 25 aprelga qadar davom etadi. Saytga (regulation.gov.uz) kirib o‘z takliflaringizni bildirishingiz mumkin.