Sudyalikka nomzodlar uchun yosh talabi tushirilishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda sudya va xalq maslahatchilari uchun yosh senzi 35 yoshdan 30 yoshga tushirilishi mumkin. Bu haqda bugun, 8 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “Sudyalarning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, ushbu hujjat sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash hamda sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun ayrim talablar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, sudya va xalq maslahatchilari uchun yosh senzini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish ko‘zda tutilgan.

Sudyani dastlab 5 yilga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish, sudya, sud raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, loyihada sudyalar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish choralari bilan bog‘liq normalar aks ettirilmoqda.

Loyiha bilan “iste’fodagi sudya” instituti milliy qonunchilikka tatbiq etilmoqda. Iste’fodagi sudyaga boshqa huquqlar qatorida professional mediatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi taqdim etilmoqda.

Bundan tashqari, Oliy sud va quyi sudlar apparati faoliyatini yanada samarali tashkil etishga doir ayrim normalar kiritilmoqda.

Muhokamalarda deputatlar sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, sudyalarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

Xalq vakillari tomonidan qonun loyihasi bilan belgilanayotgan normalarning amaliyotda samarali ishlashini ta’minlashga qaratilgan takliflar bildirilgan.

Majlis yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinib, ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida maromiga yetkazishga kelishib olingan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing