Sudyalarni lavozimga tayinlash tartibi o‘zgaradi

Jamiyat

image

Sudyalarni navbatdagi o‘n yillik muddatga tayinlash tartibi bekor qilinadi. Bu haqda kecha, 24 noyabr kuni e’lon qilingan Prezidentning “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi. 

Farmon bilan quyidagilar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirishning ustuvor maqsadlari etib belgilanmoqda:

  • sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini va sud mustaqilligiga oid ilg‘or xalqaro standartlar keng joriy etilishini ta’minlash;
  • sudyalar korpusini shakllantirish tartibini takomillashtirish, ushbu jarayonda sudyalar hamjamiyati organlari rolini oshirish va ularning mas’uliyat doirasini aniq belgilash;
  • sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibini joriy etish;
  • sud tizimida ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish orqali tizimda gender tenglikni ta’minlash.

Farmonga ko‘ra, sudyalarni navbatdagi o‘n yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibi bekor qilinib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab besh yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibini belgilanadi. Tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni aniq mezonlarga ko‘ra sudyalar orasida ochiq tanlov asosida tanlash tartibi o‘rnatiladi. Shuningdek, sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “odob qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlari qonun darajasida belgilanadi.

Sudyalar oliy kengashining doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga nomzodlar tegishli sud sudyalari malaka hay’atlari tomonidan tavsiya etilishi belgilanmoqda. Bunda kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 7 yil ishlagan sudyalar nomzodi ko‘rsatilishi mumkin.

Farmonga ko‘ra, Sudyalar oliy kengashining sudyalik lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha xulosalar quyidagi sudyalar hamjamiyati organlari tomonidan taqdim etilishini nazarda tutuvchi tartib qonunchilikka kiritiladi:

  • sudyalar malaka hay’atlari – harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining sudyalari, hududiy harbiy sudlarning, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining raislari, rais o‘rinbosarlari va sudyalari lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha;

Sudyalar oliy malaka hay’ati – Oliy sud sudyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining raislari va rais o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha.

Bundan tashqari, sudyalar hamjamiyati organlarining mustaqilligini oshirish maqsadida Kengash va Sudyalar oliy malaka hay’atining qo‘shma yig‘ilishini o‘tkazish tartibi bekor qilinadi.

Sudyalar oliy kengashi raisiga sudyalar tomonidan Sudyalar odobi kodeksi normalari buzilgan yoki manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlarda sudyalar malaka hay’atlari tomonidan intizomiy ish asossiz tugatilgan yoki tayinlangan intizomiy jazo sudya sodir etgan qilmishga mos emas deb topilgan taqdirda, malaka hay’atlarining tegishli qarorlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taqdimnoma kiritish, shuningdek, kengashning tuzilmasi va shtat jadvalini belgilangan shtat birliklari doirasida mustaqil tasdiqlash vakolatlari beriladi.

2025 yil 15 dekabrga qadar kengashning rasmiy veb-saytida sud tizimida mavjud bo‘sh rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga oid ma’lumotlar hamda ularni egallash uchun tanlovda ishtirok etish tartibi, sud tizimida sudyalik lavozimlari, shu jumladan, rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash hamda tayinlash bo‘yicha barcha bosqichlarga oid ma’lumotlarni ochiq e’lon qilib borish amaliyoti joriy etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Sud'ya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing