Sudya, bosh hisobchi, bosh inspektor hamda bosh muhandis o‘rinbosari pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
13 fevral
12193O‘zbekistonning bir necha hududlarida sudya, bosh hisobchi, bosh inspektor, bosh muhandis o‘rinbosari pora bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qashqadaryo filiali bosh muhandisi o‘rinbosari paxta-to‘qimachilik klasteriga tegishli bo‘lgan 21 ta suv nasos quduqlarini elektr tarmoqlariga ulash uchun “texnik shart” berish evaziga 7 ming AQSH dollari talab qilgan. U joriy yilning yanvar oyida 3 ming AQSH dollari oladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, bosh muhandis o‘rinbosari qolgan 4 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ta’kidlash lozimki, mazkur mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat Kodeksining 205 va 209-moddalari bilan sudlangan bo‘lsa-da, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Jizzax viloyati “Toza hudud” DUK bosh hisobchisi ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbariga nisbatan sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish, ya’ni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatib berish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilgan. U oldindan 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Afsuski, mazkur shaxs muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlanganiga qaramasdan, qayta jinoyatga qo‘l urgan.
O‘zbekiston Hakamlik sudlari Assotsiatsiyasining Navoiy viloyat vakolatxonasi huzuridagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi sudyasi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Nurota tumanida yashovchi fuqaroning muqaddam buxorolik xaridorlarga sotgan 250 bosh qo‘ylarining pullari berilmayotgani yuzasidan qilgan murojaatini ijobiy hal etib berish evaziga 1 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 500 AQSH dollari va 6 mln 250 ming so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Milliy Gvardiyaning Sirdaryo viloyat Qo‘riqlash boshqarmasi xizmatni tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘limi bosh inspektori esa Boyovut tumanida yashovchi fuqaroni Qo‘riqlash boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming AQSH dollari so‘ragan. U 1500 AQSH dollari oladi.
Lekin, u so‘ralgan pulning qolgan 1500 AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Guliston harbiy prokuraturasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi