O‘zbekistonda sinalgan Xitoy vaksinasi necha kishiga nojo‘ya ta’sir qildi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsiya vazirligi Xitoyning Zhifei Longcom kompaniyasi ZF-2001 rekombinant vaksinasi sinovi muvaffaqiyatli o‘tgani munosabati bilan aholini emlashda mazkur vaksinadan foydalanishni hamda buning uchun O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan vaksinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat (EUA) berilishini taklif qilmoqda. Bu haqda kecha, 15 fevral kuni Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida so‘z borgan. 

Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan Respublika Maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida birinchi marta bir guruh Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham ishtirok etgan. Bu haqda deputat Doniyor G‘aniyev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi. 

Yig‘ilishda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalarni ishlab chiqish hamda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash ishlarini boshlash va tashkillashtirish choralari muhokama qilingan. 

O‘zbekistonda Innovatsiya vazirligi boshchiligida Xitoyning Zhifei Longcom kompaniyasi bilan hamkorlikda  ZF-2001 rekombinant vaksinasining 3-faza klinik sinov bosqichi o‘tkazilmoqda. Hozirga qadar  3-faza klinik sinovi doirasida 6697 ta ko‘ngillilar vaksinaning 1-dozasi bilan emlangan bo‘lsa, yana 1209 tasi 2-dozani ham qabul qilgan.

Deputat Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, klinik sinovning dastlabki natijalariga ko‘ra, vaksina qabul qilganlar orasida 1-darajali nojo‘ya ta’sirlar (allergik reaksiya, biroz isitma chiqishi, bosh og‘rig‘i) 5 nafar shaxsda kuzatilgan yoki 0.3%ni tashkil etgan, xolos (solishtirish uchun, bu ko‘rsatgich "Pfizer/Biontech"da 2-3.8%, "Sutnik V"da esa 0.3-0.4%ni tashkil etgan). 2- va 3-darajali nojo‘ya ta’sirlar esa kuzatilmagan.

“Ushbu klinik sinovning muvaffaqiyatli natijalari ortidan Innovatsiya vazirligi  O‘zbekistonda aholini emlashda mazkur vaksinadan foydalanishni hamda buning uchun Maxsus komissiya tomonidan vaksinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat (EUA) berilishini taklif qilmoqda.

Agar Maxsus komissiya tomonidan bunday ruxsat berilgan taqdirda, vaksina yaratilishida hamkor tomon sifatida O‘zbekistonga vaksina imtiyozli narxlarda va yetarli quvvatlarda yetkazib beriladi. Shuningdek,  mamlakatda vaksina ZF-UZ-2001 nomi ostida O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda tijoratlashtirilishi rejalashtirilmoqda”, deb yozadi G‘aniyev. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Respublikasi maxsus komissiyasi raisi Abdulla Aripovga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi mahalliy farmatsevtika kompaniyalar bilan hamkorlikda ZF-UZ-2001 vaksinatsini joriy yilda 300 mln donagacha ishlab chiqish quvvatiga ega hamda bizga aholi soni va  talablari asosida yetarli miqdorda vaksina dozalarini yetkazib berishi mumkin. Bu esa joriy yil oxirigacha mamlakat aholisini ommaviy ravishda emlash imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, Hukumat rahbari Xalqaro Vaksinalar Ittifoqi (GAVI) tomonidan O‘zbekistonga 2.5 mlnga yaqin Astra-Zeneca (Oksford, Britaniya) vaksinalarini bepul yetkazib berilishi bo‘yicha ham muzokaralar yakunlanayotganini ma’lum qilgan. Muzokaralar yakuniga qarab, ushbu vaksinalarning dastlabki 800 ming donasi joriy yilning mart oylarida O‘zbekistonga keltirilishi kutilmoqda. 

“Umuman olganda, O‘zbekiston hukumati aholini katta qismini, birinchi navbatda yoshi katta, surunkali kasalligi bor, fuqarolarga birinchi xizmat ko‘rsatuvchi soha xodimlarini (shifokor, o‘qituvchi, IIO xodimlari va hokazo) joriy yil oxirigicha koronavirusga qarshi vaksina bilan to‘liq emlashni o‘z oldiga maqsad qilgan. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yoshi katta va aholini boshqa zaif qatlamlari vakillarini vaksina bilan emlash bepul tarzda ya’ni byudjet mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Jahonni eng rivojlangan, boy davlatlarida ham emlash ishlari sust ketayotgan bir paytda O‘zbekiston hukumati tomonidan bu borada aniq manzilli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar bo‘layotgani ham quvonarli, ham faxrlanarli holat, deb hisoblayman”, deb yozmoqda deputat G‘aniyev.


Maqola muallifi

Teglar

Doniyor G'aniev koronavirus vaktsinasi

Baholaganlar

205

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing