Eski avtomobilni rasmiylashtirish uchun yig‘imlar bekor qilinadi – G‘aniyev

Jamiyat

image

2022 yil byudjet parametrlarini shakllantirishda avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun undiriladigan yig‘imlarni bekor qilish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.

“Bundan bir necha hafta avval, ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilinganda uni boshqa shaxs nomiga oldi-sotdi shartnomasi orqali notarial rasmiylashtirish hamda DYHXX (GAI)da ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘lanadigan davlat boji va yig‘imlar miqdorining yuqoriligi haqida yozgandim. Shuningdek, ushbu davlat boji va yig‘imlar stavkalarini 2022 yil uchun davlat byudjetining parametrlarini shakllantirishda qayta ko‘rib chiqishni so‘rab, Moliya vazirligiga deputatlik so‘rovi yuborgandim. Bugun o‘sha so‘rovimga Moliya vazirligidan javob oldim”, deydi deputat.

Vazirlik javobida aytilishicha, so‘rovda ko‘tarilgan muammolarni inobatga olganda holda, Moliya vazirligi tomonidan 2022 yil byudjet parametrlarini shakllantirishda avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun undiriladigan yig‘imlarni bekor qilish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa sotib olingan avtotransport vositasini DYHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda fuqarodan undiriladigan bir necha million so‘mlik to‘lov bekor bo‘lishini anglatadi.

Bundan tashqari, javob xatida Moliya va Adliya vazirliklari tomonidan avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun belgilangan davlat boji miqdorlari ham qayta ko‘rib chiqilganligi hamda ularni pasaytirish yuzasidan “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgrtirish kiritish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqilayotganligi ma’lum qilingan.

“Ko‘rinib turibdiki, qonunchilikka yuqoridagi o‘zgarishlarni kiritish orqali 2022 yildan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlarini keskin kamaytirish va fuqarolarga yengillik yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Umid qilamizki, undiriladigan boj va yig‘imlarni kamayishi o‘z navbatida fuqarolarimizga o‘zlari xarid qilgan avtomobillarini mulk huquqi va fuqarolik munosabatlarida salbiy oqibatlar keltirib chiqaruvchi ishonchnomalar orqali emas, balki notarial oldi-sotdi shartnomasi orqali rasmiylashtirishga imkoniyat yaratadi. Bundan tashqari, avtomobillarni rasmiylashtirishdagi tranzaksional xarajatlarni kamayishi ikkilamchi bozorlarda avtomobillar oldi-sotdi ko‘lamini oshishiga va “ikkinchi qo‘l” avtomobillar narxini tushishiga xizmat qiladi”, deydi deputat G‘aniyev.

Shu o‘rinda, udeputatlik so‘roviga befarq bo‘lmay, unda ko‘tarilgan masalaga e’tibor qaratgan Moliya vazirligiga hamda fuqarolarga qiyinchilik yaratayotgan byurokratik to‘siq va xarajatlarni bekor qilish tashabbusini doim qo‘llab-quvvatlaydigan Adliya vazirligiga minnatdorlik bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

avtomobil' Doniyor G'aniev

Baholaganlar

612

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing