O‘zbekistonda shovqinni o‘lchovchi radarlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu nega kerak?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda shovqinni o‘lchovchi radarlar o‘rnatilishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan milliy qonunchilik hamda joriy amaliyotni o‘rganish natijalari fuqarolar va jamiyatni shovqindan himoya qilish sohasida qator muammolar mavjudligini ko‘rsatgan.

Xususan, bugungi kunga qadar mamlakatimizda zararli shovqin ta’siriga qarshi kurashish masalalarini tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

Misol uchun, “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq avtotransport vositalari xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish, ekologiya, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik talablariga, shuningdek, standartlar va texnik shartlarga muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.

Ayni paytda, “tungi vaqt” bo‘yicha yagona tushuncha mavjud emas, masalan, ushbu vaqt Mehnat kodeksining 122-moddasiga muvofiq – soat 22:00 dan 06:00 gacha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasiga muvofiq – 23:00 dan 06:00 gacha, “Turar joy binolarida, jamoat binolari va uy- joy qurilishi xududlarida ruxsat etiladigan shovqin me’yorlaridan oshmasligini ta’minlashga qo‘yiladigan sanitariya qoidalari va normalari”ga (SanPiN 0267-09-son) muvofiq esa – 23:00 dan 07:00 gacha deb belgilanan.

Ta’kidlanishicha, ushbu sohada ma’lum ilmiy izlanishlar mavjud emasligini ham ta’kidlash zarur. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida shovqin sohasida faqat bitta keng qamrovli tadqiqot o‘tkazilgan.

“Bir qator xorijiy mamlakatlarda shovqinga qarshi kurash maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Misol uchun, Yaponiyada 1968 yilgi “Shovqinni tartibga solish to‘g‘risida”, Amerika Qo‘shma Shtatlarida 1972 yilgi “Shovqinni nazorat qilish to‘g‘risida”, Buyuk Britaniyada 1996 yilgi “Shovqin to‘g‘risida” qonunlar mavjud”, deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Qayd etilishicha,Germaniyada transport harakati shovqiniga qarshi kurashda yo‘llar chetidagi shovqin darajasini aniqlash uskunalaridan faol foydalaniladi.

Fransiyada avtomatik foto-videokameralar shovqin darajasi kuchli bo‘lgan avtomashinani tanib olish, avtomatik ravishda suratga olish va uning raqamini o‘qish qobiliyatiga ega shovqin radarlari bilan jihozlangan, ushbu tizim avtotransport egasiga jarima to‘lash zarurligi haqida xatni avtomatik ravishda yuboradi.

Vazirlik o‘rganish natijasida inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan bo‘lgan shovqinga qarshi kurashni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqqan. Xususan:

•    shovqinning salbiy ta’siriga qarshi kurashishni yanada puxta va aniq tartibga solish;

•    ruxsat etilgan shovqin darajasiga aniqlik kiritish;

•    belgilangan darajadan ortiq shovqin ta’siri uchun tovon to‘lashning huquqiy mexanizmini yaratish.

Mazkur tavsiyalarni amalga kiritish maqsadida qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, rivojlangan xorijiy davlatlar misolida avtomobil yo‘llarida shovqin balandligini o‘lchash asboblarini o‘rnatish imkoniyatlarini o‘rganish tavsiya etilib, shovqinning salbiy ta’siriga qarshi kurashish sohasidagi umumiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha boshqa taklif va tashabbuslar ham mas’ul idoralarga taqdim etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

radar shovqin

Baholaganlar

144

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing