Diqqat! Aholini shovqin bilan bezovta qilish taqiqlangan vaqt belgilandi
Jamiyat
−
19:02 2446 2 daqiqa
O‘zbekistonda ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha va dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22:00 dan 09:00 gacha fuqarolarning osoyishtaligini buzishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda kecha, 9 sentyabr kuni qabul qilingan “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Qonunga ko‘ra, odamni sezilarli darajada bezovta qilmaydigan, inson organizmining funksional tizimlarida va shovqinga sezgir bo‘lgan a’zolarida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmaydigan hamda sanitariya qoidalari va normalarida belgilanadigan shovqin darajasi shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasi hisoblanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi.
Shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasidan yuqori, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan shovqinlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- turar joy binolari hududida insonlarning maishiy, uy-xo‘jalik faoliyati natijasida yuzaga keladigan shovqin;
- qurilish maydonlaridagi mehnat faoliyati tufayli hamda qurilish texnikasi va transport vositalaridan yuzaga keladigan shovqin;
- turli toifadagi transportlarning ishlashi va harakatlanishi natijasida yuzaga keladigan shovqin va boshqalar.
Qonunda belgilangan tartibda quyidagi vaqt oralig‘ida shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasidan ortiq shovqin chiqarish orqali fuqarolarning osoyishtaligini buzishga yo‘l qo‘yilmaydi:
- ish kunlari soat 23.00 dan 07.00 gacha;
- dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22.00 dan 09.00 gacha.
Shovqinning zararli ta’siri natijasida yetkazilgan zarar uchun sud tartibida kompensatsiya undirilishi mumkin.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Live
Barchasi