Tunda shovqin ko‘targanlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Jamiyat
−
02 iyul
5837O‘zbekistonda tungi vaqtda shovqin ko‘targanlik, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan parlamentning navbatdagi majlisida “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan. Qonun loyihasi bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlanmoqda, shuningdek, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘i belgilanmoqda.
Unga ko‘ra, tungi vaqtda – sutkaning soat 23:00 dan 06:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, shuningdek, dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22:00 dan 09:00 gacha vaqt oralig‘ida fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish taklif etildi.
Mazkur holat fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilmoqda. Amalda mazkur huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori fuqarolarga – 113 ming so‘m, mansabdor shaxslarga esa 113 ming so‘mdan 226 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.
LiveBarchasi