O‘zbekistonda Rossiya propagandasiga xizmat qiladigan kanallarni cheklash taklif qilindi
Jamiyat
−
24 yanvar
16316Avvalroq, Rossiyalik shovinist tarixchi Mixail Smolin Rossiyaning NTV kanalida uyushtirilgan tok-shouda o‘zbeklar, qozoqlar va ozarbayjonlar 1917 yilgacha mavjud bo‘lmaganini iddao qilgandi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo aholini zaharli g‘oyalardan saqlash uchun mamlakatdagi xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha radio-televideniye kanallari hamda ularning internetdagi saytlarini zudlik bilan cheklash masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
“O‘zbek kecha paydo bo‘lgan”, deb tomoq yirtayotgan “tarixchi” haqqoniy tarixni juda yaxshi biladi. Lekin uning shovinizm bilan “emlangan tafakkuri” azaldan buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalqning kimligini tan olgisi kelmaydi”, deydi Minhojiddin Mirzo.
U tarixiy haqiqatni anglamaydigan yoki anglashni istamaydigan Mixail Smolinga o‘xshaganlar bunday qarashlari bilan bir butun xalqlarni haqorat qilayotganini ta’kidladi.
“Bu kechirilmaydigan va shunchaki “alahsirash” deb qarab bo‘lmaydigan holdir! Bugun shovinistik propaganda yuzidagi niqobni yirtib, o‘zining haqiqiy basharasini namoyish qilar ekan, ularning xatti-harakatida fashizmning “qo‘lansa hidi” anqiydi... Afsuski, shovinistlarning jinoiy harakatlari o‘zlarining jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani o‘ta ayanchlidir. Aslida, Mixail Smolin va unga o‘xshash “siyosatdon”larning og‘zida aylanayotgan “til” qora niyat egasining tilidir”, deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari.
Shuningdek, Minhojiddin Mirzo hozirda Rossiyadagi ayrim shaxslar SSSR tuzumini qo‘msab ayyuhannos solayotganini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova tarixchi Mixail Smolinning gaplarini “g‘alati” deb atagan va bu uning sub’ektiv fikri ekani hamda nima deyish “muallifning vijdoniga” havola ekanini aytgandi. O‘zbekiston Tabiat resurslari vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev esa Kreml buyurtmasi asosida rus ziyolilari sekin-asta Markaziy Osiyo mamlakatlarini bosib olishga o‘z jamiyatini ruhan tayyorlayotganini, bu kabi ssenariylar Ukraina bosqinidan oldin ham qo‘llanilganini aytgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov esa Smolinning iddaolariga munosabat bildirar ekan, Amir Temurning qudratga to‘la davrida Moskvani egallamagani yanglish bo‘lganini aytdi.
LiveBarchasi