Toshkent “propiska”si haqidagi qonun bekor qilinadi
Jamiyat
−
20 avgust
10808Toshkent shahri, Toshkent viloyati va boshqa viloyatlar uchun alohida ro‘yxatga olish tartibidan voz kechish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 20 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishi tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda amalda bo‘lgan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonun sababli fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda byurokratik to‘siqlar yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan yuqorida ta’kidlangan qonun bekor qilinib, respublika bo‘yicha fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishining yagona tartibini joriy etish, shuningdek, vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibini takomillashtirgan holda turarjoy bo‘yicha xabardor qilish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.
“Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida, boshqa viloyatlar uchun esa alohida ro‘yxatga olish tartibi bo‘lmaydi, bunday amaliyotdan voz kechiladi, respublika bo‘yicha bir xil tartib amal qiladi”, deyiladi xabarda.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston fuqarolari va mehmonlarini ro‘yxatga olish tartibini yagona yondashuv asosida isloh qilishga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquqlari himoyasini ta’minlashga, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi choralarini maqbullashtirishga xizmat qiladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr