O‘zbekistonda prezidentlik saylovi uchun byulletenlarning shakli va matni tasdiqlandi
Jamiyat
−
09 iyun 2023
4616O‘zbekistonda joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari prezidentlik saylovi uchun byulletenlarning dizayni tasdiqlandi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining bugun, 9 iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, majlisda dastlab kutilayotgan saylov uchun byulletenlarning shakli, matni va tavsifi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, byulletenda nomzodlarning ismi, familiyasi va otasining ismi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yoziladi. Alifbo tartibida joylashtirilgan nomzodlarning ism-sharifi to‘g‘risida esa ovoz berish uchun maxsus belgilar qo‘yishga bo‘sh katak ajratiladi. Saylov byulletenining o‘rtasida och ko‘k fondagi O‘zbekiston gerbining 88,5 millimetr o‘lchamdagi tasviri va uning och ko‘k rangli chiziqli naqshi tushirilgan bo‘ladi. Byulletenda, shuningdek, uni qanday to‘ldirish ko‘rsatmalari ham keltiriladi.
Bundan tashqari, majlisda saylov jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn translyatsiya qilish uchun tuman va shaharlardagi ikkitagacha saylov uchastkalarida videokamera va boshqa zaruriy vositalarni o‘rnatish yuzasidan qaror qabul qilingan.
Majlis davomida aytilgan yangiliklardan biri shuki, sinov tariqasida ilk bor Toshkent shahridagi ayrim saylov uchastkalarida muddatidan ilgari prezidentlik saylovida ovoz berish uchun tashrif buyuruvchilarni biometrik identifikatsiya qilish amaliyoti joriy qilinadi.
Markaziy saylov komissiyasining bugungi majlisida muddatidan ilgari prezidentlik saylovini yoritish uchun OAVlarning jurnalistlari hamda xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rilgan. Bu bo‘yicha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi kabi kuzatuvchi missiyalarning 43 nafar vakili hamda 25 ta ommaviy axborot vositasining 124 nafar xodimi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. Hozirga qadar akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakillarining soni 353 nafarni tashkil etayotgani ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, muddatidan ilgari prezidentlik saylovi uchun nomzodlarning saylovoldi tashviqotlari 7 iyun kunidan boshlandi.
LiveBarchasi