Glyuksmann Fransiyaning yangi Prezidenti bo‘lishi mumkin
Olam
−
09:03 1347 2 daqiqa
Fransiyalik markaz-so‘l siyosatchi Rafael Glyuksmann 2027 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etishini rasman e’lon qildi. Bu haqda u kecha, 24 avgust kuni TF1 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Glyuksmann o‘z nomzodini Fransiyadagi bo‘lingan so‘l kuchlar o‘rtasida siyosiy ta’sir uchun kurash kuchaygan bir paytda ilgari surmoqda. Uning asosiy maqsadlaridan biri qattiq so‘llar yetakchisi Jan-Lyuk Melanshonga raqobat qilish va mo‘’tadil so‘l saylovchilarni birlashtirishdan iborat.
“Ha, men prezidentlik sayloviga nomzodman. Mamlakatimizni o‘ta o‘nglarga topshirib qo‘yamizmi? Bunday tanlov oldida men chetda tura olmayman”, degan Glyuksmann.
Uning ta’kidlashicha, so‘l kuchlar o‘z tamoyillarida qat’iy tursa, prezidentlik saylovida g‘alaba qozonishi mumkin.
Yevropaparast siyosatchi 2024 yildagi Yevropa parlamenti saylovida asosiy so‘l kuchlar ittifoqiga rahbarlik qilib, 14 foiz ovoz olgan. Biroq hozirgi so‘rovlarda u Melanshondan ortda qolmoqda. Shu bilan birga, o‘ta o‘nglar yetakchisi Marin Le Pen birinchi turdagi ovoz berish niyati bo‘yicha doimiy ravishda yuqori ko‘rsatkich qayd etmoqda va markaz hamda so‘l nomzodlar uni ikkinchi turda yengishda qiynalishi kutilmoqda.
Glyuksmann Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning ayrim biznesga yo‘naltirilgan siyosatlarini tanqid qilsa-da, Yevropa Ittifoqini qo‘llab-quvvatlash va Ukrainani himoya qilish masalalarida unga yaqin pozitsiyani egallaydi. U o‘zini liberal demokratiyaning qat’iy tarafdori sifatida ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot uchun, Fransiyada prezidentlik saylovi 2027 yil aprel va may oylarida o‘tkazilishi kutilmoqda. Ayni paytda mamlakatdagi so‘l kuchlar yagona nomzod atrofida birlasha olmayotgani saylov kampaniyasining asosiy muammolaridan biri bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning sobiq bosh vaziri Gabriel Attal 2027 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini rasman e’lon qilgandi.
Live
Barchasi