O‘zbekistonda pilla narxi oshiriladi

Jamiyat

image

Bu yil O‘zbekistonda pilla narxi 25 foizga oshiriladi. Bu haqda bugun, 12 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan agrar sohadagi ustuvor vazifalar va rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda Prezident ipakchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, tarmoqda keskin o‘zgarish qilish zarurligini ta’kidlagan. 
Ma’lum qilinishicha, endilikda V’etnam va Xitoy tajribasi asosida pillani sanoat usulida yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligi oshiriladi. Buning uchun ikki bosqichda bozor tamoyillariga o‘tiladi. 
Birinchi bosqichda bu yil pilla narxi 25 foizga oshiriladi. Aholiga pilla yetishtirish uchun subsidiya beriladi va pilla yetishtiruvchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Ikkinchi bosqichda esa 2025 yildan narxni davlat belgilashi, klasterlarga tumanlarni biriktirish, fermer va kasanachilar o‘zi yetishtirgan pillani faqat klasterlarga sotishi amaliyotidan voz kechiladi. Ya’ni pilla fermer va klaster o‘rtasida erkin narxda tuziladigan shartnoma asosida yoki birja orqali sotiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda pillachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga qator topshiriqlar berilgan. Bular qatorida ipak qurtini xonadonlarga tarqatib, o‘rma tutzor tashkil etish va uy sharoitida tayyor ipak ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha tizim yaratish ham bor. 

Bundan tashqari, ozuqa-yem bazasini ko‘paytirish uchun bu yil dalalar atrofida 150 million yangi navli hosildor tut ko‘chatini ekish topshirilgan. Ipakchilik instituti huzurida 2 ta naslli urug‘lik stansiyasini ishga tushirilib, unga xitoylik mutaxassislar taklif qilinishi va u yerda naslli ipak qurti zotlarini yaratish boshlanishi aytildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ipakchilik qo‘mitasiga yangi rais tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston pilla

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing