O‘zbekistonda nodavlat ta’limdan norozilar ko‘paymoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda nodavlat ta’lim xizmatlari sohasida iste’molchilar murojaatlari ko‘paymoqda. So‘nggi uch yilda ta’limga oid murojaatlarning qariyb 96 foizi xususiy ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davrda jami 103,5 mingta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 2 070 tasi ta’lim xizmatlariga taalluqli. Murojaatlarni o‘rganish natijasida iste’molchilar foydasiga qariyb 1 milliard so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.

Qayd etilishicha, tahlillar davomida fuqarolarning asosiy e’tirozlari nodavlat ta’lim tashkilotlarida xizmat ko‘rsatish sifati va shartnoma munosabatlari bilan bog‘liq ekani aniqlangan.

Xususan, fuqarolar quyidagi holatlardan norozi bo‘lgan:

  • ta’lim sifati talab darajasida emasligi;
  • amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi;
  • shartnoma shartlari, to‘lov tartibi va mablag‘larni qaytarish mexanizmlari haqida yetarli ma’lumot berilmasligi;
  • muddatli to‘lov asosida tuzilgan shartnomalarni bekor qilishdagi muammolar;
  • reklamada va’da qilingan xizmatlarning amalda bajarilmasligi.

Amaldagi qonunchilikda ta’lim sifati ustidan davlat nazorati belgilangan. Biroq nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini tartibga soluvchi aniq mexanizmlar va pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishning yagona qoidalari mavjud emasligi ayrim hollarda iste’molchilar huquqlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu sababli, qo‘mita xorijiy tajribani ham o‘rgangan. Jumladan, Fransiyada Qualiopi, Niderlandiyada NRTO va Shveysariyada EduQua tizimlari orqali xususiy ta’lim xizmatlarining sifati baholanib, audit va sertifikatlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tizimlar ta’lim xizmatlari sifati, shaffoflik va iste’molchilar manfaatlarini ta’minlashda muhim vosita sifatida qo‘llanilmoqda.

O‘rganishlar asosida Raqobat qo‘mitasi nodavlat ta’lim xizmatlari bozorini takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surgan.

Jumladan:

  • nodavlat ta’lim xizmatlari uchun ixtiyoriy sertifikatlash tizimini joriy etish;
  • nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarning iste’molchilar bilan munosabatlariga qo‘yiladigan minimal talablarni belgilash taklif qilinmoqda.

Qo‘mita fikricha, ushbu takliflarning amalga oshirilishi ta’lim xizmatlari sifatini oshirish, fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, sohada halol raqobat muhitini shakllantirish va yagona shaffof tartiblarni joriy etishga xizmat qiladi.

Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasi mazkur takliflarni amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organlariga yuborgan. Shuningdek, sohadagi muammolarni bartaraf etish maqsadida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing