O‘zbekistonda navbatdagi saylov qachon o‘tkazilishi rasman aniq bo‘ldi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2019
13099O‘zbekiston katta siyosiy jarayon - Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi arafasida turibdi.
Bugun, 20 sentyabrdan O‘zbekistonda rasman Saylov kampaniyasiga start berildi.
Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan 2019 yil 22 dekabr O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va viloyat, tuman (shahar) kengashlar deputatlari saylovi kuni deb belgilandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova xabar bermoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Ayni vaqtda Xalqmaro Matbuot markazida o‘tayotgan tadbirda taraqqiyotining yangi, demokratik bosqichiga qadam qo‘ygan O‘zbekistonda yangi parlament va yangi mahalliy kengashlarni saylash uchun yangicha ruhdagi saylovlar kampaniyasi boshlanayotgani ta’kidlandi.
Bu yil mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar ilk bor O‘zbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksi asosida o‘tadi. Saylovlarda birinchi marta beshta siyosiy partiya o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega. Bular – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi.
Saylovlarda 20 milliondan ortiq saylovchi, shulardan ikki millondan ziyod yoshlar ilk bor, ovoz beradi.
Majlis nihoyasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi, siyosiy partiyalarning rahbarlari Xalqaro matbuot markazining maxsus bezatilgan zaliga taklif etildi. Ular shaffof tugmachalarni bosib, saylov kampaniyasiga tantanali ravishda start berdi. Ulkan ekranda “2019 yil, 22 dekabr. “Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar!” tasviri paydo bo‘ldi.
Saylov kodeksiga binoan endilikda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga bo‘lajak saylovlarda 135 emas, balki to‘liq 150 saylov okrugidan nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Ekologik harakatiga berilgan kvota chiqarib tashlangani partiyalararo raqobatni kuchaytirishga xizmat qilishi aytilmoqda.
Viloyatlarda hududiy bo‘linmalari ham ish boshlagan Xalqaro matbuot markazida Saylovchilarga tezkor axborot berish markazi (Call-center) faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi respublika hududi bo‘ylab abonentlardan markazga chiquvchi bepul qo‘ng‘iroqlar amalga oshiriladigan ko‘p tarmoqli va qisqa raqamli alohida aloqa liniyasi ajratadi hamda uning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi.
LiveBarchasi