O‘zbekistonda narkojinoyatchilikka qarshi jazo kuchaytiriladi
Jamiyat
−
16 Oktabr 2023
4900O‘zbekistonda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Qonun qabul qilingudek bo‘lsa, taqiqlangan o‘simliklarni, giyohvandlik vositalarini, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va o‘tkazishga nisbatan jazo kuchaytiriladi.
Shuningdek, boshqa shaxslarga o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash va saqlash uchun ham javobgarlik qattiq bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasiga (yengilroq jazo tayinlash) 4-band qo‘shilgan. Unga ko‘ra, moddaning qoidalari o‘ta xavfli takroriy jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Ma’lumot o‘rnida, qayta sodir etish jinoyatlarning eng xavfli turlaridan biri hisoblanadi. O‘ta xavfli takroriy jinoyat maqomiga ega bo‘lgan shaxslar yosh avlodga salbiy ta’sir ko‘rsatishini hisobga olib, qonun hujjatlarida eng kam miqdordan kam jazo tayinlash yoki ayniqsa, jinoyat sodir etganlik uchun Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan boshqa yengilroq jazo turini belgilash taqiqlanadi.
Avvalroq, Toshkentda yashirin laboratoriya tashkil etib, psixotrop moddalarni tayyorlash bilan shug‘ullangan olti kishi qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi