O‘zbekistonda mushuklar qulog‘ining kesilishiga izoh berildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda qulog‘i kesilgan mushuklar paydo bo‘ldi. “Mehr va Oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati mazkur holatga izoh berdi.

Qayd etilishicha, shartli uy egasi bo‘lgan, sterilizatsiya qilingan, barcha emlashlardan o‘tkazilgan va hatto pasportga ega mushuklarga shunday belgi beriladi. 

Uysiz mushuklar sterilizatsiya qilish uchun olib kelinganda ular bu amaliyotdan o‘tgani aniqlangan. Hatto bir necha marta sterilizatsiyadan o‘tkazilgan mushuklar ham olib kelingani holatlari ham uchragan. 

Shu sababli rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rgangan holda O‘zbekistonda Cat Cut loyihasi boshlangan bo‘lib, unda uysiz mushuklar uchun o‘ng qulog‘ining bir qismi kesib tashlanmoqda. Sterilizatsiya qilingan mushuklar shunday tarzda belgilanadi. 

Ushbu loyiha amalga oshirilishidan oldin klipsalarning (1000 dona) sinov partiyasi sotib olinib, ularni mushuklarning quloqlariga mahkamlashga urinib ko‘rilgan. Ammo bu urinish muvaffaqiyatsiz bo‘lgan. Mushuklarning quloqlari bitishi qiyin bo‘lgan va ular alohida parvarish talab qilgan. Shu sababli bu g‘oyadan voz kechilib, yangi yechim izlangan. 

Xorijiy davlat tajribasini o‘rganganda quloq uchlari Avstraliya, Buyuk Britaniya, Italiya, Isroil, Turkiya, Koreya, Yangi Zelandiya, Daniya, AQSH va Fransiyada ham kesilishi ma’lum bo‘lgan. 

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda Cat Cut deb nom olgan ushbu loyiha 15 yanvarda boshlangan bo‘lib, tajriba amaliyoti muvafaqiyatli o‘tgan, quloq ham 2 kunda bitgan. Shundan so‘ng bu amaliyot davom ettirilgan. Bugungi kunda 10 ta uysiz mushuk quloqlarining bir uchi kesilgan. 

“Endi bizning maqsadimiz hokimliklarimizga o‘ng qulog‘ining uchi kesilgan hayvonlar sterilizatsiya qilingan, emlangan va shartli egalari borligini yetkazishdir. Bu ushlash xizmati vakillari ularga tegmasligi uchun va shahar aholisi bunday mushuklar quturishga qarshi emlanganini va hatto pasporti borligini bilishi uchun kerak”, deyiladi “Mehr va Oqibat” jamiyati xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

mushuk hayvon

Baholaganlar

145

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing