Olimlar yangi mushuk turini aniqladi (video)
Bu qiziq
−
10:59 1235 3 daqiqa
Boliviyaning Yungas o‘rmonlarida olimlar bir asrdan ortiq vaqt davomida fanga noma’lum bo‘lib kelgan yangi mushuk turini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot CNN’da e’lon qilindi.
Mahalliy aholi Tilkayo deb ataydigan mushuk Janubiy Amerikaning katta qismida uchraydigan yo‘lbars mushuklari guruhiga mansub. Tadqiqotchilar genetik tahlil orqali uning alohida tur ekanini tasdiqlagan va mahalliy nomini saqlab qolgan holda unga “Leopardus tilcayo” ilmiy nomini bergan.
Mushuk Boliviyaning tog‘li Yungas hududidagi bulutli o‘rmonlarda yashaydi. Uning uzunligi taxminan 46 santimetr, vazni esa 1,4 kilogramm atrofida bo‘lib, o‘rtacha uy mushugidan ham kichik.
“Uning juni och jigarrang bo‘lib, tanasi bo‘ylab notekis shakldagi halqasimon dog‘lar bor”, degan yangi turni aniqlagan tadqiqotga rahbarlik qilgan “National Geographic” tadqiqotchisi Paola Nogales-Askarruns.
Hozircha yangi turning biologiyasi va hayot tarzi haqida ma’lumotlar kam. Mushukning axlat namunalaridan mayda kemiruvchilar qoldiqlari topilgan. Bu kemiruvchilar uning ozuqasining bir qismi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. Fotokameralar esa uning asosan tunda faol bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
Tadqiqotchilar Janubiy Amerikaning bir nechta davlatlaridan olingan 38 ta mushuk, jumladan, muzeylarda saqlanayotgan 8 ta namuna DNKsini tahlil qilgan. Natijada ilgari yagona tur deb qaralgan yo‘lbars mushuklari aslida genetik jihatdan bir-biridan farq qiladigan 5 ta turdan iborat ekani aniqlangan.
“Biz Boliviyadagi bu yo‘lbars mushugi alohida tur bo‘lishini hech qachon kutmagandik. Uni hech kim ilgari boshqa hayvon yoki kenja tur sifatida ham alohida deb taklif qilmagan”, degan tadqiqot mualliflaridan biri, Belgiyadagi Antverpen universiteti evolyutsion biologi Jonas Leskroart.
Genetik tahlil “Leopardus tilcayo” nasli boshqa yo‘lbars mushuklaridan taxminan 1,4 million yil avval ajralib chiqqanini ko‘rsatgan.
Hozircha olimlar yangi turning faqat ikkita tirik vakili bilan tekshiruv o‘tkazgan. Ulardan biri 10 yoshli erkak mushuk bo‘lib, ilgari mahalliy oilaning uyida saqlangan. Hozir u “Senda Verde” yovvoyi tabiat qo‘riqxonasida yashamoqda.
Tadqiqotchilar, shuningdek, Peruning Yungas hududida yo‘lbars mushuklarining yangi kenja turini ham aniqlagan. Unga qadimgi Inklar imperiyasining ushbu hududni o‘z ichiga olgan mintaqasi nomi bilan “Leopardus tigrinus antisuyo” nomi berilgan.
Ma’lumot uchun, Yungas Janubiy Amerikaning xavf ostida qolayotgan ekotizimlaridan biri hisoblanadi. Hududdagi tog‘li o‘rmonlarga o‘rmonlarning kesilishi, qishloq xo‘jaligining kengayishi, yong‘inlar va konchilik faoliyati bosim o‘tkazmoqda.
Tadqiqotchilar o‘z xulosalarini Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqiga yuborgan. Tashkilotning navbatdagi baholashida yo‘lbars mushuklarining 5 ta nasli alohida ko‘rib chiqiladi. Olimlarning aytishicha, bu yangi tur, jumladan, Tilkayoning yo‘qolib ketish xavfini aniqroq baholash imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar dinozavrlar davrida yashagan yirik dengiz sudralib yuruvchisini kashf etib, unga “Tylosaurus rex” deb nom bergan edi.
Live
Barchasi