Messi Argentinada xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazadi

Sport

image

Sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi Lionel Messi xayrlashuv uchrashuvida ishtirok etish uchun Argentina terma jamoasiga chaqirildi. Bu haqda Argentina futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 31 avgust kuni Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgan edi. Argentinaliklar joriy yilning 30 sentyabr kuni Boliviya, 3 oktyabr kuni Burkina-Faso va 6 oktyabr kuni Beninga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushadi. Messi so‘nggi uchrashuv oldidan jamoa ixtiyoriga kelishi kutilmoqda.

“Biz dunyoning eng yaxshi futbolchisi, kapitanimiz Lionel Messini 6 oktyabr kuni Argentinada o‘ynashga va unga munosib xayrlashuv marosimini tashkil etishga taklif qildik”,  deydi Argentina futbol assotsiatsiyasi prezidenti Klaudio Tapia.

Ma’lumot uchun, 39 yoshli Messi 2023 yildan buyon Shimoliy Amerika Oliy futbol ligasi (MLS) vakili “Inter Mayami” safida to‘p tepib kelmoqda. Yevropada esa argentinalik hujumchi Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” va Ispaniyaning “Barselona” klublarida o‘ynagan.

Messi “Barselona” bilan to‘rt marta Chempionlar ligasi, uch martadan UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan.

Hujumchi 2022 yilgi Jahon chempionati g‘olibi, 2014 va 2026 yillarda Jahon chempionatida ikkinchi o‘rin sohibi, 2008 yilgi Olimpiada chempioni hamda 2021 va 2024 yillarda Amerika Kubogi g‘olibi hisoblanadi.

Messi “Oltin to‘p” mukofotini eng ko‘p qo‘lga kiritgan futbolchi hisoblanadi. U Argentina terma jamoasi safida 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol urgan. Har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha ham u milliy jamoa rekordchisi hisoblanadi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing