Payg‘ambarlar siylagan hayvonlarni tepgan, qulog‘ini kesgan, yoqib yuborgan odamlarmiz

Jamiyat

Reklama
0:00

Doim ularning dumlari, quloqlari kesiladi, ba’zida shunchaki ko‘ngil xushlik qilish uchun tanasi olovda yoqiladi. Go‘shti esa insonlar is’temol qiladigan kaboblarga ham qo‘shilishi aytiladi. Gap hayvonlar haqida ketmoqda…

Hayvonlarga nisbatan shavfqatsiz munosabatlar kecha yoki bugun paydo bo‘lgan muammo emas. Bu yillar davomida jonivorlarga qilingan zulm. Bunday holatlar, asosan, boshpanasiz it va mushuklar, shuningdek, yillar davomida inson xizmatida bo‘lgan eshaklarga nisbatan kuzatiladi.

Yaqinda Qashqadaryoda Damas avtomobilining orqa qismiga bog‘langan itning sudralgani aks etgan video jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, yana bir videoda it mototransport vositasiga bog‘langan holda sudralayotganini ko‘rish mumkin. Va bu – faqat jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan holatlar, xolos. Nega ayrim qo‘shtirnoq ichidagi insonlar jonivorlarga nisabatan bu qadar shafqatsiz munosabatda bo‘ladi? Bu savolga fuqarolardan javob olishga harakat qildik. 

“Bu ishni qilgan odamlar asli shavfqatsiz bo‘ladi. Ko‘nglida samiymiylik bo‘lmaydi. Allohni yaratgan jonzotlariga hech qachon azob bermaslik kerak”, deydi fuqarolardan biri.

“Bunday odamlarni to‘g‘risi yomon ko‘raman. Iloji boricha hayvonlarga yaxshi munosabatda bo‘lish kerak. Agar qo‘lidan kelmasa, ularga yaqinlashish kerak emas”, deydi fuqarolardan biri.

Aksariyat odamlar qarovsiz it yoki mushukni ko‘rishi bilan undan uzoqlashishga harakat qiladi. Ayniqsa, daydi itlarga nisbatan “quturmaganmi?”, “tashlanib qolmaydimi?” degan xavotirlar ko‘p uchraydi. Ammo bunday jonivorlarning qanday sharoitda yashayotgani, nima bilan oziqlanayotgani yoki qayerdan boshpana topayotgani haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?

“To‘g‘ri, bizda qonunlarimiz bor, lekin bu qonunlarimiz amalda to‘laqonli ijro etilmayapti. Agar ijro etilganida hayvonlar uchun davlat boshpanalari tashkil qilingan bo‘lardi. Aholimiz, mana mahallamizda mushuk yuribdi yoki it yuribdi, qayerga murojaat qilay deb aytishadi. Albatta, bu holatda har bir tuman hokimligi oldida obodonlashtirish boshqarmalari tashkil qilingan.

Bu obodonlashtirish boshqarmalari qoshida esa it ovlov brigadalari degan tuzilma bor. Bu tuzilmada o‘sha maxsus texnikalar, damas rusumli avtomobillar va itlarni tutish uchun o‘sha maxsus to‘rlar ham berilgan. Aksariyat holatlarda it ovlov brigadalari bu itlarni ushlab ...
“otlavka” degan joyiga olib borishadi. Qonunchiligimizga ko‘ra, olib borilganidan keyin 5 kun davomida o‘sha yerda it saqlanishi va emlanishi kerak. 5 kun ichida egasi chiqsa, egasiga it qayta topshirilishi va 5 kunlik o‘sha saqlangan xarajatlar itning egasi tomonidan qoplab berilishi lozim.

Bizda qonun bor, lekin qonunda 5 kun davomida o‘sha xodimlar itni, mushukni nima bilan boqishi ko‘rsatilmagan. Tabiiyki, u xodimda ovqat bo‘lmagandan so‘ng itni albatta och qoldirtiradi, o‘ldiradi”, deydi eko faol Feruzbek Sayfullayev.

Avtomobil yo‘llarida mashina urib ketgan it yoki mushuklarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ba’zi holatlarda haydovchilar hayvonni ataylab bosib ketgani aytiladi, boshqa holatlarda esa jonivor yo‘l-transport hodisasining qurboniga aylanadi. Obodonlashtirish xizmati xodimlari yetib kelguniga qadar hayvonning jasadi yo‘ldan olib tashlanmaydi va uni ketma-ket bir necha avtomobil bosib o‘tadi. Xo‘sh, bunday holatlarda haydovchilarga nisbatan qanday chora ko‘riladi?

“Hayvon og‘ir avtomobil ostida qolganidan so‘ng, tirik qolishi deyarli imkonsiz. U bir necha daqiqa yoki bir necha soat azob chekib, oxir-oqibat nobud bo‘ladi. Eng achinarlisi, ayrim haydovchilar bunga e’tibor ham bermay, go‘yoki hech narsa bo‘lmagandek yo‘lida davom etadi. Bu oddiy beparvolik emas, balki hayvonga nisbatan shafqatsiz munosabatdir.

Agar bunday holatning guvohi bo‘lsangiz, imkon qadar uni qayd etish va vakolatli organlarga xabar berish kerak. Qonunchilikda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun ma’muriy, ayrim hollarda esa jinoiy javobgarlik ham belgilangan.

Hayvon nobud bo‘lgan bo‘lsa, uning jasadini yo‘lning qatnov qismida qoldirmaslik muhim. Bu haqda “Xalq nazorati” kabi murojaat platformalari yoki obodonlashtirish xizmatlariga xabar berish mumkin. Tegishli xizmatlar jasadni olib ketish va hududni tozalash uchun mas’ul hisoblanadi.

Shaxsan men bunday qilmishni o‘ta vahshiylik deb baholayman. Balki kelajakda yo‘l harakati qoidalarini nazorat qiluvchi tizimlar orqali hayvonlarga ataylab shafqatsizlik qilgan haydovchilarni ham aniqlash va javobgarlikka tortish mexanizmlarini joriy etish haqida o‘ylash vaqti kelgandir”, deydi eko faol Feruzbek Sayfullayev.

Ushbu reportajni to‘liq shaklda QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing