Alloh yaratgan har bir mavjudotning qadri bor – Saida Mirziyoyeva (video)

Jamiyat

image

Hayvonlarga shafqatsiz ravishda muomala qilish va ozor berish uchun jazo choralari keskin kuchaytirildi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanaliga Administratsiya binosidagi “xodim” mushuklarni tasvirga olingan videoni joylashtirgan hamda uning izohida hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarga nisbatan joriy yilning 28 iyunidan yanada keskin jazo choralari ko‘rishga oid qonunchilik normalari kuchga kirganini ta’kidlab o‘tgan.

Administratsiya rahbarining qayd etishicha, endilikda bunday qilmishlar uchun ma’muriy jarimalar ikki baravar oshirildi. Bundan tashqari, huquqbuzarlarga nisbatan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin. Bu turdagi noqonuniy xatti-harakatlarni qilishda davom etgan shaxslar esa jinoiy javobgarlikka tortilib, ozodlikdan mahrum qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva bunday qonunlar aybdorlarni jazolash uchungina qabul qilinmasligini aytib, ular jamiyat qanday tartib va qadriyatlarni hamma uchun birdek majburiy deb hisoblashini ham namoyon etishini  bildirgan.

“Barchamiz zo‘ravonlikka murosasiz munosabatda bo‘lsakkina, jamiyatimizda xavfsizlik hukm surishi mumkin. Alloh yaratgan har bir mavjudotning qadri bor, hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun jazoning kuchaytirilishi jamiyatda shu qonuniyatga bo‘ysunadigan sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qiladi”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Administratsiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘zgalar hayotiga hurmat bolalikdan boshlanadi. Bu borada asosiy mas’uliyat ota-onalarning zimmasida. Aynan ular ojizlarga ozor yetkazish mumkin emasligini, odam o‘z kuchini shafqatsizlik orqali namoyon etishi noto‘g‘ri ekanini farzandlariga o‘rgatadi. 

“Men ota-onalarni ushbu muhim haqiqatni doimo esda tutishga chaqiraman”, degan Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, Administratsiya rahbari videoda idora “xodimlari” – Yalpiz va Darxon laqabli mushuklar qatnashganini bildirib, ularga qolgan xodimlarning mehri bo‘lakcha ekanini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bo‘stonliqda mushuklarni qiynab o‘ldirgan shaxslar qamalgani xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing