O‘zbekistonda muammolarga yechim bergan yoshlar mukofotlanadi
Jamiyat
−
01 iyul 1670 2 daqiqa
O‘zbekistonda vazirlar va hokimlar muammolarga yechim bergan yoshlarni mukofotlaydi. Bu haqda kecha, 30 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Biz 2030 yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni reja qilganmiz. Bunga erishish uchun barcha sohalarga yangi g‘oya olib kiradigan innovatsion startaplar kerak”, deydi davlat rahbari.
Qayd etilishicha, so‘nggi to‘qqiz yilda mahalliy startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, 4 milliard dollardan oshgan. Venchur jamg‘armalar soni 23 taga, ularning umumiy kapitali 200 million dollarga yetgan. O‘tgan davrda 1 ming 200 dan ziyod istiqbolli startap loyihalar paydo bo‘lgan. Ayni yo‘nalishda 3 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromad topyapti.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. “Global startap indeksi”da O‘zbekiston 31 pog‘ona ko‘tarilib, dunyoda eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi, “2026 yil mamlakati” deb e’lon qilingani ham buning yaqqol isboti.
Shuningdek, uchrashuvda hali bu sohada juda katta imkoniyatlar borligi ta’kidlangan. Endi har bir vazir, tarmoq rahbari va hokimlar “1 mingta masalaga – yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasini ishga tushiradi.
Bunda har bir rahbar o‘z tizimidagi dolzarb muammolarni ochiq platformada joylashtirib, eng yaxshi yechimlar uchun mukofot e’lon qiladi. Buning uchun har bir vazir va hokim kamida 10 milliard so‘mlik venchur jamg‘arma tashkil etadi.
Ushbu mablag‘lar g‘oliblarni mukofotlash va 20 tadan eng yaxshi startapni g‘oyadan amaliyotgacha barcha bosqichlarni moliyalashtirishga sarflanadi.
Yoshlar agentligi biznes, AT, kreativ iqtisodiyot yo‘nalishida 100 ta eng yaxshi loyihani tanlab, ularga 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ushbu uchrashuvda O‘zbekistonda salohiyatli yoshlar juda ko‘pligini, vazir va hokimlar yoshlarga ishonch bildirib, mas’uliyatli lavozimga qo‘yishdan cho‘chimasligi kerakligini aytgan edi.
Live
Barchasi