O‘zbekistonda ko‘pxotinlilikka ruxsat berildimi? Adliya vazirligi rasmiysi izoh berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda qonunchilik bilan ko‘pxotinlikka ruxsat berilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Xabarlarda keltirilishicha, Vazirlar Mahkamasi demografik holatni yuksalshtirish, aholi sonini oshirish maqsadida joriy yilning noyabr erkaklarga ikkinchi rafiqaga  uylanishga ruxsat beruvchi qaror qabul qilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Matbuot kotibi Sevara O‘rinbayeva tarqalgan gap-so‘zlarni butkul rad etib, ularning soxtaligini isbotlovchi bir nechta faktlar keltirdi. 
 
Birinchidan, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining qayd raqami oldidan harfli qisqartmalar qo‘llanilmaydi. Normativ-huquqiy hujjatlarning qayd raqamidagi “PQ” shaklidagi qisqartmalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlariga nisbatan qo‘llaniladi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari milliy bazasi (www.lex.uz)da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2535-son qarori mutlaqo mavjud emas. 

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq ko‘p xotinli bo‘lish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Yana shuni qo‘shimcha qilish lozimki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi” mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqida qo‘shxotinlik bilan bog‘liq holatlarni tanqid ostiga olib bildirgan fikrlari Prezident tomonidan bu kabi qaror imzolanmasligining isbotidir. 

“Shu o‘rinda yana bir nozik masala bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Ba’zan hayotda ZAGS, ya’ni Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan o‘tmasdan turib, pul evaziga yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, xotin ustiga xotin olish holatlari ham, ming afsuski, uchrab turibdi”, deya qo‘shxotinlikning salbiy tomonlarini sanab, imom-xatiblarga “ZAGS qog‘ozi”ni ko‘rmasdan nikoh o‘qimasliklarini xitob qilgan edi Shavkat Mirziyoyev.

Shahnoza To‘ramurotova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Adliya vazirligi ko'pxtonlik

Baholaganlar

1807

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing