O‘zbekistonda koronavirusni mutlaqo yangi usulda davolash boshlandi
Jamiyat
−
10 aprel 2020
33811O‘zbekiston Respublikasida koronavirus bilan kasallangan bemorlar endi mutlaqo yangi usul bilan davolanadi. Bu haqda bugun, 10 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
"O‘zbekiston shifokorlari tez kunlarda COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechayotgan bemorlarni davolashda mutlaqo yangi va samarali usulni qo‘llashni boshlashadi" deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lum qilinishicha, endi koronavirusga chalingan bemorlarni ushbu kasallikdan tuzalgan bemorlarning qon zardobi orqali davolash yo‘lga qo‘yiladi. Vazirlikning ta’kidlashicha, ushbu usul bemorlarda kasallikni yengil va tez o‘tishiga yordam beradi.
"Sog‘aygan fuqarolarimizning qon zardobi kasallikni boshidan kechirayotgan bemorlarimiz uchun nihoyatda bebaho bo‘lib, ularning ushbu xastalikni yengil o‘tkazishi va tezroq tuzalishlari uchun zamin bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Amaliyotning ilmiy asosiga keladigan bo‘lsak, COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlar qon zardobida virusga qarshi immun tanachalar paydo bo‘lib, ular virusning o‘limiga olib keladi." deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bugungacha kasallanganlarning 42 nafari davolangan, 3 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi