O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlari o‘lim bilan tugayotgani rostmi?

Olam

image

O‘zbekistonda koronavirusning o‘sishi fonida ijtimoiy tarmoqlarda qat’iy karantin choralari yana kuchaytirilishi, virusning yangi shtammlari tarqalayotgani, shifoxonalarda “oyoq bosishga joy yo‘q”ligi, bu safar bemorlarda kasallik og‘ir kechayotgani va ko‘p holatlar o‘lim bilan tugayotgani haqida audioyozuvlar tarqalmoqda. Shu kabi xabarlarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov munosabat bildirdi.

“Bunday asossiz xabarlarni tarqatayotgan kimsalar aholi orasida xavotir uyg‘otishga harakat qilayotgani ko‘rinib turibdi. Shu bois fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarni sog‘lom aql bilan baholashlarini, ularni tarqatayotganda asosliligini tekshirib ko‘rishlarini so‘raymiz.

Bu audioyozuvlarlarni tinglab ko‘rsangiz, ular sizga tanish tuyuladi. Chunki ushbu xabarlar kasallik avj olgan o‘tgan yilgi pandemiya davrida ham o‘rtaga chiqqan edi. Buni ulardagi leksika va umumiy manzaradan ham sezish qiyin emas”, deydi Nurmat Otabekov.

U so‘zida davom etarkan, ayni vaqtda O‘zbekistonda koronavirusning omicron shtammi tarqalayotgani, uni yuqtirib olganlarda ham og‘ir asoratlar qayd etilmayotganini aytdi. 

“Holbuki, ayni paytda yurtimizda koronavirusning asosan omicron shtammi aniqlanmoqda. Bu bemorlarning 98 foizida kasallik yengil darajada kechyapti. Mazkur shtammning yurtimizda tarqala boshlaganiga esa yarim yilga yaqinlashyapti. 

Asl vaziyatga qaraydigan bo‘lsak, bir kunda mamlakatimizda o‘rtacha 100-120 ta kasallanish qayd etilmoqda. Albatta, 35 million aholi orasida bu — juda kichik ko‘rsatkich. 

Shunday bo‘lsa-da, COVID-19 ga chalinmaslikning asosiy va eng samarali yo‘li vaksinatsiya bo‘lib turibdi. 2 yoki 3 bosqichli emlashni qabul qilgan fuqarolar 6 oydan so‘ng buster dozani olishlari, shundan 6 oy o‘tib, yana qayta emlanishlari mumkin”, deydi Otabekov. 

Ma’lumot uchun, so‘nggi kunlarda O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat xavotirli tus olmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi berayotgan xabarlarga ko‘ra, kasallikka chalinganlar kun sayin ortmoqda. Kecha, 28 iyun kuni 98 kishida koronavirus kasalligi aniqlangan.

Shuningdek, Prezident Mirziyoyev ishtirokidagi tor va keng doiradagi tadbirlarda davlat tashkilotlari rahbar-xodimlari yana niqob taqishni boshlagan

Muhayyo Habibullayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Koronavirus

Baholaganlar

53

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing