O‘zbekistonda koronavirusdan yana ikki bemor vafot etdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirusdan yana ikki o‘lim qayd etildi. Shu tariqa rasman e’lon qilingan qurbonlar soni 106 nafarga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashagan 35 yoshli U.Yu. (ayol)da 14 iyul kuni isitma, hansirash va havo yetishmasligi kabi shikoyatlari dinamikada kuchayganligi sababli Qarshi shahar tug‘ruq kompleksining ginekologiya bo‘limiga og‘ir ahvolda olib kelingan. Bemor infeksionist ko‘rigidan so‘ng “COVID-19”ga shubha qilinib, viloyat pulmonologiya va ftiziatriya markazi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan. Ammo bemorning ahvoli keskin yomonlasha boshlagan va intubatsiya qilingan, o‘pka-yurak reanimatsiyasi  o‘tkazilgan. 

Mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Yana bir bemor, Namangan viloyati Namangan shahrida yashagan 62 yoshli J.Sh. (ayol)da “COVID-19” tasdiqlangach, u viloyat yuqumli kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. 

Shuningdek, bemor qandli diabet (II tip, insulinga muhtoj shakli), bronxial astma kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

20 iyul kuni bemorning ahvoli og‘irlashib, unga o‘pka-yurak reanimatsiyasi o‘tkazilgan hamda sun’iy nafas berish apparatiga ulangan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.

Biroq asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralar samara bermay, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq, Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumani hokimi koronavirusdan vafot etgani xabar qilingandi. SSV bu bo‘yicha hozircha ma’lumot bermadi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

170

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing