O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar qariyb 1100 nafarga yetdi
Jamiyat
−
29 aprel 2020
7828Sirdaryo va Toshkent viloyatida jami 41 nafar bemor koronavirusdan butkul sog‘aydi. Bu haqda bugun, 29 aprel kuni Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar tuzalib chiqayotgan hududlar safiga Sirdaryo viloyati ham qo‘shildi. Ushbu viloyatdan 4 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasida 16 nafar, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 17 va Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish institutida 4 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi“, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Sirdaryodan sog‘ayganlarning barchasi erkak bo‘lib, Farg‘ona, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlaridan 1 nafardan. Ularning 3 nafari Qozog‘iston Respublikasidan kelgan va karantinga olingan, kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Qolgan 1 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Eng yoshi kattasi 48 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 33 yoshda.
Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning 2 nafari Toshkent shahridan, Buxoro va Toshkent viloyatlaridan 1 nafardan. Ularning 3 nafari Rossiyadan kelgan va karantinga olingan, kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan. 1 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Ularning 2 nafari erkak, 2 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 76 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 38 yoshda.
Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan tuzalganlarning barchasi Toshkent shahridan. Jumladan, 11 yoshli va 2 yoshli qizaloqlar hamda 32 yoshli erkak koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan.
Toshkent shahrida shu paytga qadar 320 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 350 nafarga yetib, bemorlarning sog‘ayib chiqishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega hudud bo‘lib turibdi.
Shunday qilib, bugunning o‘zida 104 nafar bemor tuzalib, mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 1096 nafarga yetdi va davolanayotganlarga nisbatan sezilarli darajada oshib ketdi.
LiveBarchasi