O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar 800 nafardan oshib ketdi
Jamiyat
−
27 aprel 2020
9308Bugun, 27 aprel kuni Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 15 nafar bemor to‘liq sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Shifo topganlarning barchasi Rossiyadan charter reys bilan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Ulardan 13 nafari erkak, 2 nafari ayol. Bemorlarning 7 nafari Toshkent shahridan, Andijon va Qashqadaryo viloyatlaridan 2 nafardan, Toshkent, Farg‘ona, Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 16 yosh.
Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 265 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 280 nafarga yetdi. O‘zbekistonda bemorlarning sog‘ayib chiqishi bo‘yicha Toshkent shahridan keyin eng yuqori ko‘rsatkich Buxoro viloyatidan qayd etilmoqda.
Shu soatga kelib mamlakat bo‘yicha koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 804 nafarni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bugungacha koronavirus infeksiyasi yuqtirganlar 1887 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning bemorlarning 8 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi