O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlangani tan olindi

Jamiyat 18682
image

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini ketyapti. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga “hayfsan” e’lon qilish haqidagi farmoyishida ta’kidlangan.

“Jahon miqyosida koronavirus pandemiyasi tarqalishi tufayli O‘zbekistonda ham ushbu infeksiyaga qarshi kurashish, uning aholi orasida keng tarqalib ketmasligining oldini olish, samarali karantin va davolash tizimini yaratish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, epidemiyaning ikkinchi to‘lqini natijasida Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar va u bilan bog‘liq o‘limlar soni keskin oshib ketdi. So‘nggi uch hafta davomida respublikada aniqlangan 7700 bemorning 2800 nafari Toshkent shahri aholisi o‘rtasida aniqlandi hamda respublika bo‘yicha ushbu kasallikdan bevaqt vafot etgan jami 50 kishidan 32 tasi Toshkent shahrida qayd etilganligi ham poytaxtdagi epidemiologik vaziyat izdan chiqqanligini ko‘rsatmoqda”, deyiladi farmoyishda.

Bundan avvalroq, 9 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda Sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi bosh inspektori Nurmat Otabekov O‘zbekistonda kasallikning birinchi to‘lqini davom etayotganini bildirgandi.

“Har qanaqa turdagi yuqumli kasallik tarqalishi uchun epidemik jarayon bo‘lishi kerak. Epidemik jarayonning esa uchta bo‘g‘ini bor. Bu kasallik manbayi, yuqish yo‘li va yuqtirib oluvchi shaxs. Mana shu uchta bo‘g‘inning birontasi bo‘lmasa, kasallik bir odamdan ikkinchi odamga yuqmaydi. Demak, biz olib borayotgan harakatlarimizning negizi mana shu uchta bo‘g‘inning qaysi biriga qaratilishidan qat’i nazar, bitta bo‘g‘inni uzishga qaratilishi kerak.

Juda ko‘p fikrlar bo‘lyapti, kasallikning birinchi to‘lqini, ikkinchi to‘lqini, uchinchi to‘lqini… Kimlardir juda ko‘p to‘lqinlarni sanab yubordi. Lekin bitta narsani aniq bilaylik, biz hali birinchi to‘lqinni uzganimiz yo‘q. Qachonki, kasallik qayd etilishi umuman to‘xtasa va bitta kasallikning yashirin davri muddati ichida bironta ham bemor qayd etilmasa, O‘zbekistondagi kasallikka chalinganlarning manbayi hammasi jilovlangan bo‘lsa, biz birinchi to‘lqinni sal surib qo‘ydik, degan fikrga borishimiz mumkin bo‘ladi. Shuning uchun, keling, biz ikkinchi, uchinchi, yigirmanchi to‘lqinlar haqida hozir qayg‘urib o‘tirishimizga, tashvish qilishimizga, motam qilishimizga hech ham asos yo‘q”, degandi Nurmat Otabekov.

O‘zbekiston 15 mart kuni birinchi marta koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor qayd etilgandi. May oyida kasallik jilovlangandek bo‘ldi. Buning ortidan karantin choralari yumshatildi. Ammo iyunda kasallik qaytadan avj oldi. So‘nggi bir necha hafatadan beri koronavirus bemorlarining kunlik ko‘payishi 200 tadan kam bo‘lmayapti. Ayni vaqtgacha, 14 991 kishida koronavirus aniqlangan. Ularning 8655 nafari sog‘aygan va 73 nafari vafot etgan.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 451
Reyting: 3
t
×