O‘zbekistonda koronavirus bemorlari soni bo‘rttirib ko‘rsatilyaptimi?
Jamiyat
−
17 iyun 2020
23035So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda aholi orasida koronavirusga chalinganlar soni sezilarli ortib boryapti. Buni hatto O‘zbekiston Prezidenti ham aytib o‘tdi. Shunday holatda aholi orasida odamlar karantin qoidalariga amal qilishlari uchun ularni qo‘rqitib, raqamlar oshirib ko‘rsatilayotgani haqida gap-so‘zlar tarqalyapti.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov shunday fikrlarga javob berdi.
“Raqamlarni bo‘rttirib ko‘rsatish yoki ularni kattaroq raqam qilib ko‘rsatish — hech qachon O‘zbekistondagi soha vakillarining maqsadi bo‘lgan emas. Eng asosiysi, bizda kasallikni yashirishga urinish yo‘q.
Laboratoriya tekshiruvi natijasida aniqlangan har bir shaxs qaysi hududdan ekani, qaysi aholi qatlamiga mansub ekani, u karantin hududida yo xorijdan kelan fuqarolar orasida qayd etilayotgani to‘g‘risida to‘liq axborotni bir kunda 2 marotaba televideniye orqali ommagayetkazyapmiz.
Asosiy maqsadimiz — ularni xavotirga solish emas, ularni xushyorlikka chaqirish. Kasallik qo‘zg‘atuvchilari atrofimizda borligini, har bir ehtiyotsizlik kasallikni yuqtirib olish ehtimolini yuzaga keltirishi mumkinligini biz qayta-qayta eslatyapmiz.
Dunyo statistikasiga ahamiyat bering: bir kunda, masalan bugun (15 iyun) jahon miqyosida 123 mingta bemor qayd etildi, kecha 140 ming bemor aniqlangan.
Albatta, dunyo hamjamiyatidagi raqamlarning oldida O‘zbekistonda ko‘rsatkichlar birmuncha past. Bularning barchasi — biz, sizlar bilan birgalikda olib borayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlarimiz, qolaversa, shu ishga jalb qilingan soha xodimlarining sa’y-harakatlari natijasi.
Asosiy maqsad epidemik vaziyatni jilovlashga qaratilgan. Biz kasallik keng ko‘lamda aholiga tarqalib ketishining oldini olish bo‘yicha hamma ishlarni qilyapmiz. Aholiga to‘g‘ri ma’lumotni o‘z vaqtida yetkazishga harakat qilyapmiz”, dedi Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda kecha, 16 iyun kuni 230 ta, 15 iyun kuni 183 ta, 14 iyun kuni 114 ta koronavirus bilan kasallanish holati qayd etildi.
LiveBarchasi