O‘zbekistonda xorijdan kelgan fuqarolarda qizamiq aniqlanmoqda
Salomatlik
−
25 iyul 2023
4367O‘zbekistonda chet eldan kelgan qizamiqqa chalinganlar bilan aloqada bo‘lgan fuqarolarda ushbu kasallikning yuqish holatlari aniqlanmoqda. Bu haqda Sanepidqo‘mita axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, respublikada joriy yilning iyul oyi holatiga ko‘ra, qizamiq kasalligida shubha qilingan 306 nafar bemorning qon namunalari virusologik laboratoriyaga yuborilgan. Ulardan 164 tasida qizamiq aniqlangan.
“Hozirda mamlakatimizda qizamiq bo‘yicha epidemiologik vaziyat nazorat ostida bo‘lib, qizamiq kasalligiga shubha qilingan shaxslar bilan aloqada bo‘lganlar epidemiologik ko‘rsatma asosida profilaktik emlash bilan qamrab olinmoqda”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, O‘zbekiston hududida mazkur kasallikka chalinish holatlari asosan xorijdan kelgan qizamiq bilan kasallanganlar bilan aloqada bo‘lgan fuqarolar orasida aniqlanmoqda.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, emlashdan bosh tortganlar hisobiga 2023 yilda dunyoda va Yevropa mintaqasida qizamiq bo‘yicha epidemiologik vaziyat keskinlashishi mumkin.
Joriy yilning 25 iyul kunigacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonga qo‘shni mamlakatlarda ushbu kasallik virusi bilan zararlanish holatlari quyidagicha tus olgan:
⁃ Afg‘onistonda 2105;
⁃ Tojikistonda 300 dan ortiq;
⁃ Qozog‘istonda 169 ta holat.
Shuningdek, dunyoning ayrim mamlakatlarida mazkur virus bilan kasallanish holatlari quyidagicha:
⁃ Ukrainada 23070;
⁃ Serbiyada 4954;
⁃ Fransiyada 2576;
⁃ Gretsiyada 2476;
⁃ Italiyada 2020;
⁃ Rossiyada 1396;
⁃ Gruziyada 1128.
LiveBarchasi