O‘zbekistonda karantin rejimi kuchaytiriladi – Shodmonov
Jamiyat
−
10 mart 2020
15249Bugun, 10 mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov jurnalistlar bilan muloqotga kirishdi
“Bu virus hammamizga chaqmoqdek bo‘ldi. Qo‘qqis boshimizga tushdi. Bu virus bo‘yicha aniq ma’lumotlar kam bo‘lgani, vaksinasi mavjud emasligi uchun, davolashda ham aniq choralari bo‘lmagani uchun biz Sog‘liqni saqlash vazirligi va xodimlari boshqa xalqaro tashkilotlar BMT institutlari bilan har turli konsultatsiyalarni olib boryapmiz. Shu bilan bir qatorda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga minnatdorlik bildiramiz.
FVV, Chegara qo‘shinlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, yangi tashkil etilgan Mahalla va oila masalalari vazirligi bilan hamkorlikda ish olib borilyapti”, deydi Sog‘liqni saqlash vaziri.
Alisher Shodmonovning ma’lum qilishicha, mamlakatda karantin rejimi kuchaytirilishi rejalashtirilmoqda.
“Ma’lum davlatlardan kelyotganlarga 14 kunlik karantin e’lon qilganmiz. Masalan, Eron, Italiya kabi davlatlarda o‘lim soni keskin ko‘tarilayotgani sababli cheklovlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha takliflar tahlil qilinmoqda. Charter reysi bilan 630 nafar O‘zbekiston va boshqa davlat fuqarolari Janubiy Koreyadan olib kelindi. Joriy yil 8 mart holatiga ko‘ra, 285 nafar fuqarolarimiz Saudiya Arabistonidan olib kelingan”, deydi vazir.
Vazir xorij mamlakatlaridan aviaqatnovlarning cheklanishishi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Aviaqatnovlarning cheklovi joriy etilmoqda. Saudiya Arabistoni bilan holat o‘zgacha bo‘ldi. Bu mamlakatda ham kasallik qayd etilganidan so‘ng, birinchi cheklovni yuritishni boshladi. Shu munosabat bilan hali e’lon qilgunga qadar biznikilar uchib borib, qaytib kelishgan. Ungacha, turoperatorlar bilan imzolangan shartnomalar asosida borib kelishiga hech qanday to‘siq bo‘lmagan, xavf-xatar bo‘lmagan. Saudiyada cheklov bo‘lganidan so‘ng, aviaqatnovlar to‘xtab qolgan. Xuddi shundek kasallik biz uchun yaqin bo‘lgan Eronda, Afg‘onistonda kuchayishi boshlanganida biz chegaralardan o‘tishni ham chekladik. Bu (tashabbus) biz tomondan bo‘ldi”, deydi Alisher Shodmonov.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi. Virus bugungacha 115 davlatga kirib bordi. Undan halok bo‘lgan 4029 nafarga, kasallanganlar 114 573 nafarga yetdi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi