Shodmonov koronavirusdan kimlar vafot etayotganini ochiqladi
Jamiyat
−
10 mart 2020
25288O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov yangi tarqalgan kasallik – koronavirus vaksinalari ustida ish olib borilayotgani, kasallikning og‘ir jarayoni va o‘lim holatlariga to‘xtaldi.
“Virus vaksinasi ustida ish olib borish boshlangan. Buni bir necha mamlakatlarda klinik sinovlari o‘tkazilmoqda. Virus vaksinasining test tizimi mavjud bo‘lib, kompaniyalar orqali ishlab chiqarilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti buni ham ko‘rib chiqyapti. Ularning yordamida diagnostikalar amalga oshirilmoqda”, deydi Alisher Shodmonov o‘z nutqida.
Sog‘liqni saqlash vaziri shuningdek, bu kasallikning ham shakllari mavjudligi va o‘lim holatlari kimlarda uchrashini aytib o‘tdi.
“Olimlar bu virusning “L” va “S” shakli aniqladi. Ya’ni, yengil va og‘ir shakli aniqlandi. Ayrim mamlakatlarda buning og‘ir shakli ko‘p, shu bois o‘lim miqdori ko‘p. Bu kasallik, ayniqsa, yoshi kattalar o‘rtasida ko‘p uchrayapti. Yaponiyada bu kasallikka chalinganlarning o‘rtacha yoshi 81 yosh ekanini ko‘rsatmoqda. Uzoq vaqt mobaynida 0 yoshdan 19 yoshgacha kasallik aniqlanmadi. Hozir ham bu raqam juda oz. Aksariyati kattalar ichida. O‘lim holatlari ham kimdaki qo‘shimcha surunkali kasalliklar bo‘lsa, ularda bu og‘ir kechayotgani va o‘lim bilan yakunlanayotganini ko‘rsatgan”, deydi u.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi. Virus bugungacha 115 davlatga kirib bordi. Undan halok bo‘lgan 4029 nafarga, kasallanganlar 114 573 nafarga yetdi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.