O‘zbekistonda qo‘shni davlatlardan narkotik moddalar olib kelganlar qo‘lga olindi

3-sahifa

image

O‘zbekistonning bir necha viloyatlarida qo‘shni davlatlardan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan narkotik moddalar to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

DXXning Navoiy va Samarqand viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari hamkorligida Nurobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urgut tumanida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan shaxs jinoiy sherigi bilan til biriktirib, Tojikistondan olib kelingan 2 kg. 875 gr. “opiy” moddasini 40,5 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi. 

Shuningdek, “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt mashinasi Jomboy tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Urgut tumanida yashovchi 1993 va 1996 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxsning yonida 1 kg. 616 gr. “opiy” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi. 

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Toshkent-Farg‘ona” yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia avtomashinasi Namangan viloyatining Pop tumanidagi YPX maskanida to‘xtatildi. 

Ammo to‘xtash jarayonida avtotransport vositasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1987 yilda Bag‘dod tumanida tug‘ilgan shaxs avtomashina oynasidan bir dona paketni uloqtirib yuboradi. Shundan so‘ng, ushbu paket xolislar ishtirokida tekshirib ko‘rilganda, unda 1 kg. 915 gr. “gashish” moddasi borligi fosh etildi.

Aniqlanishicha, mazkur fuqaro tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan narkotik moddani olib ketayotgan bo‘lgan. U giyohvandlik vositasini 8 ming AQSH dollariga sotib olgan.

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1990 yilda tug‘ilgan muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs 770 gr. “gashish” moddasini 7 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi. 

Tergovga qadar tekshiruv davomida Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu narkotik moddaning haqiqiy egasi Farg‘ona tumanida yashovchi 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro ekani aniqlanib, u ham ushlandi.

Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xorazmda sement solingan qoplar ichida qariyb 10 kg “opiy” narkotik moddasi aniqlangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

kontrabanda narkotik moddalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing